Logo

O‘zbekiston Prezidentining Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi prezidenti bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi

Dekabr 19, 2025. 17:17 • 2 daq

85
O‘zbekiston Prezidentining Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi prezidenti bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi

TOSHKENT, 19-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tokioga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida bugun Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiko Tanaka bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda Yaponiyaning ushbu yetakchi moliya instituti bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yana-da kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda strategik sheriklikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Loyihalar doirasida mablag‘larni o‘zlashtirish surʼati sezilarli darajada o‘sdi.

Loyihalar portfeli 8 milliard dollardan oshdi. Sog‘liqni saqlash, energetika, transport, taʼlim, sanoat va boshqa ustuvor sohalarda yana 3 milliard dollardan ortiq qiymatga ega tashabbuslar ishlab chiqilmoqda.

Tashrif doirasida iqtisodiy zonalarni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi kelishuvlar imzolandi.

Yaponiya tomoni qo‘shma Inson resurslarini rivojlantirish markazi va Yoshlar innovatsiya markazi faoliyatini ko‘p yillardan buyon qo‘llab-quvvatlab kelayotgani yuqori baholandi.

Agentlikning energetika sektorini rivojlantirish, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, bandlikni taʼminlash va kambag‘allikka qarshi kurashish, ilg‘or muhandislik kadrlarini tayyorlash hamda “Bir qishloq – bitta mahsulot” loyihasi ko‘lamini oshirishdagi ishtirokini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar Yaponiya investorlari uchun maxsus iqtisodiy zona barpo etish loyihasini tez fursatlarda ishga tushirishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari JICA bilan 2030-yilga qadar Yangi hamkorlik dasturi doirasidagi loyihalarni o‘z vaqtida tayyorlash va ularning natijalari barqaror bo‘lishini taʼminlash muhimligini taʼkidladi.

 

 

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish