O‘zbekiston Prezidenti raisligida Namanganni iqtisodiy va infratuzilmaviy rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Iyun 23, 2026. 17:25 • 5 daq

62
O‘zbekiston Prezidenti raisligida Namanganni iqtisodiy va infratuzilmaviy rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

TOSHKЕNT, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Namangan viloyatining vaziyatlar markazida mutasaddilarning hududni rivojlantirish yuzasidan axborotlarini tingladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda hududlarni zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, davlat boshqaruvi va xizmatlar ko‘rsatish tizimini raqamlashtirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Namanganda “aqlli” vaziyatlar markazi tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi shahar va tumanlardagi jarayonlarni yagona raqamli tizim orqali tahlil qilish, boshqaruv qarorlarini tezkor qabul qilish, aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratishdan iborat.

Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasida tashkil etilayotgan “Mahalla axborot va xizmat markazi” loyihasi taqdimot qilindi.

Mazkur markaz orqali 8 ta mahallada istiqomat qiluvchi 27 ming nafardan ortiq aholiga 980 turdagi xizmatlar mahallaning o‘zida, “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. Bunda ijtimoiy himoya, bandlik, profilaktika, soliq, jinoyatchilik, ta’lim va hududning boshqa muhim ko‘rsatkichlariga oid ma’lumotlar yagona raqamli tizimga integratsiya qilinadi.

Profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan taqdimotda esa huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid 18 turdagi jarayon raqamlashtirilib, xodimlarning planshetlariga integratsiya qilingani ma’lum qilindi. Shuningdek, inspektorlar zamonaviy bodi-kameralar bilan ta’minlanib, ularning faoliyati vaziyatlar markazi bilan uzviy bog‘langan.

Shu yerda Prezidentimizga Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan axborot berildi.

So‘nggi yillarda Namanganda sanoat hajmi 4,6 trillion so‘mdan 40 trillion so‘mga yetgani qayd etildi. Joriy yilda Namanganda yalpi hududiy mahsulotni 9,2 foiz, sanoatni 9 foiz, xizmatlarni 17 foiz, qishloq xo‘jaligini 6,8 foizga oshirish vazifasi belgilangan. Endilikda mashinasozlik, metallurgiya, yengil sanoat, xizmatlar va yangi iqtisodiyot yo‘nalishlarini viloyatning asosiy drayverlariga aylantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Hududlarni rivojlantirishda ilmiy yondashuvni kuchaytirish maqsadida 14 ta “aql markazi” Namangan misolida yangi ish uslubiga o‘tadi. Ular tuman va shaharlarda iqtisodiy diagnostika o‘tkazib, mehnat unumdorligi, investitsiya sifati, kooperatsiya, biznes faollik va qo‘shimcha qiymat zanjirlari bo‘yicha yangi rezervlarni aniqlaydi.

Mutasaddilarga 1-sentyabrgacha har bir tumanning sanoat salohiyatini to‘liq o‘rganib, natijasi bo‘yicha yangi dastur ishlab chiqish topshirildi. “Aql markazlari” tomonidan tayyorlangan har bir ilmiy ish amaliyotga joriy qilinishi, hudud yoki tarmoq rivojiga xizmat qilishi shartligi ta’kidlandi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish va biznes infratuzilmasini yaxshilash uchun joriy yilda Namangan viloyatiga budjetdan 4,5 trillion so‘m ajratilgan. Kichik va o‘rta biznes uchun 6,5 trillion so‘m resurs yo‘naltirilmoqda.

Viloyatda yil yakuniga qadar 80 ming aholini doimiy ishga joylashtirish, 314 ming nafar fuqaroning daromadini oshirish, 21 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yilgan.

Besh oyda 23,5 ming aholi doimiy ishli bo‘ldi, 8 mingdan ziyod oila kambag‘allikdan chiqarildi. Shu bilan birga, ayrim tumanlarda ishsizlik va kambag‘allik ko‘rsatkichlari yuqoriligicha qolayotgani tanqid qilindi. Mutasaddilarga bandlik, tadbirkorlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlar natijadorligini oshirish topshirildi.

Qishloq xo‘jaligida ham yangi imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi. Kosonsoy tumanida chorvachilikni rivojlantirish, yil yakunigacha 4 ming 700 gektar maydonda ozuqabop ekinlar yetishtirish, qoramol va qo‘y-echki sonini ikki karra ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Pop tumanida adir yerlardan samarali foydalanib, sanoatlashgan organik bog‘lar tashkil etish tajribasini kengaytirish topshirildi. Yil yakunigacha yana 400 gektar adirda sanoatlashgan bog‘ tashkil etiladi, bir oy muddatda esa qo‘shimcha 2 ming 800 gektar maydonda amaliy ishlar boshlanadi.

Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘qitish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Namanganda xalqaro standartlarga mos kamida 5 ta xususiy o‘quv-baholash markazini tashkil etib, shu yilning o‘zida 20 ming nafar yoshlarni o‘qitishni boshlash vazifasi belgilandi.

Mutasaddilarga mehnat bozoridagi yangi talablardan kelib chiqib, zamonaviy kasblarga bo‘lgan ehtiyojni shakllantirish, o‘quv-baholash markazlari uchun texnikumlar binolaridan joy ajratish, mavjud texnikumlarda ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini yangi o‘quv yiligacha yakunlash topshirildi.

Investitsiya va eksport masalalari ham muhokama qilindi. Joriy yilda Namanganga 5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, eksportni 1,2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida viloyat bo‘yicha 3 milliard dollarlik 43 ta kelishuvga erishilgan.

Eksport salohiyatini oshirish uchun har bir tuman va shahar kesimida ishlash, mahsulotni ishlab chiqarishdan tortib, standart, sertifikatlash, qadoqlash, logistika va bojxona rasmiylashtiruvigacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladigan “Yagona eksport ekotizimi”ni Namangan misolida yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Joriy yil viloyatda 130 kilometr ichimlik suvi va 2,5 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i tortish, 9 ta yangi suv inshootini qurish uchun 703 milliard so‘m ajratilgan. Bu orqali 34 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 25 ming aholi kanalizatsiya tarmog‘iga ulanadi.

“Pungan – Namangan” avtomobil yo‘lining 75 kilometrini rekonstruksiya qilish, uni 4 tasmali beton qoplamali yo‘lga aylantirish, 21 ta ko‘prik va 22 ta piyodalar o‘tish joyini barpo etish rejalashtirilgan.

Jamoat transportini rivojlantirish maqsadida 1-sentyabrgacha 90 ta avtobus, 50 ta elektrobus va 30 ta mikroavtobus, kelgusi yil 1-iyulgacha yana 105 ta elektrobus olib kelish topshirildi. Shu yilning o‘zida Namangan shahrida kanalizatsiya tizimini xususiy sheriklik asosida rekonstruksiya qilish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanadi.

Sog‘liqni saqlash sohasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining yangi modelini Kosonsoy va Uychi tumanlarida ham joriy etish belgilandi. Shuningdek, infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi oktyabr oyidan Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yo‘lga qo‘yiladi.

Yig‘ilishda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, jinoyatchilik profilaktikasi va yoshlar bilan manzilli ishlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari, hududlar rahbarlari va boshqa mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish