O‘zbekiston Prezidenti gaz qazib olish hajmlarini oshirish va sohani transformatsiya qilish bo‘yicha rejalarni ko‘rib chiqdi
Yanvar 12, 2026. 18:17 • 2 daq
• 156
TOSHKENT, 12-yanvar. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining kelgusidagi vazifalari va rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, energetik xavfsizlikni taʼminlash va iqtisodiyot tarmoqlariga energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish mamlakat taraqqiyotining muhim omillaridan hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, gaz sohasida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va geologiya-qidiruv ishlarini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Taqdimotda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati oldida turgan eng asosiy vazifa tabiiy gaz zaxiralarini oshirish va qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirish ekani qayd etildi. Kompaniya kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 66 million kub metrdan 70 million kub metrga ko‘paytirish, bu yil kamida 25,4 milliard kub metr gaz qazib chiqarish choralarini ko‘rishi zarurligi taʼkidlandi.
Mavjud imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Gaz zaxiralarini o‘stirish uchun yangi istiqbolli investitsiya bloklarini shakllantirish, investorlarga berilgan ayrim maydonlarda esa ishlarni jadallashtirish va samaradorligini oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Nafta ishlab chiqarish hozirda quvvatning 70 foizida amalga oshirilayotgani, mahsulot esa 50 foiz arzon narxlarda eksport qilinayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Naftadan polimer mahsulotlari ishlab chiqarilsa, qo‘shilgan qiymatni 6 karra oshirish imkoniyati borligini hisobga olib, mavjud quvvatlarni to‘liq ishlatish choralarini ko‘rish topshirildi.
“O‘zbekneftgaz”ning moliyaviy holatini yaxshilash chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda neft-gaz sohasida o‘g‘rilik va korrupsiya holatlariga qarshi kurashish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Sohadagi korrupsion xavflarni oldini olish maqsadida “O‘zbekneftgaz” tuzilmasida raisning alohida o‘rinbosari lavozimi kiritilib, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati tashkil etildi. Tizimdagi har qanday noqonuniy holatni tezkor aniqlash va oldini olish bo‘yicha samarali tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.
Prezidentimiz neft-gaz sohasida transformatsiyani chuqurlashtirish, gaz zaxiralari va qazib olish hajmlarini oshirish, moliyaviy intizomni kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi