O‘zbekiston Prezidenti Boku sammitida shaharlarni barqaror rivojlantirish borasida qator tashabbuslarni ilgari surdi
May 18, 2026. 17:35 • 4 daq
• 108
TOSHKENT, 18-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Bokudagi Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan Yetakchilar sammitida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich, Bolgariya Prezidenti Iliyana Yotova, Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze, Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax hamda qator boshqa xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda moliyaviy institutlar vakillari qatnashdi.
Forumda shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash, shahar muhiti sifatini oshirish, iqlim barqarorligini mustahkamlash hamda uy-joy qurilishini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida forumning “Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar” mavzusi jadal urbanizatsiya sharoitida bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi. Tahlillarga ko‘ra, XXI asr o‘rtalariga borib, sayyoramiz aholisining qariyb 70 foizi shaharlarda istiqomat qiladi.
Davlatimiz rahbari urbanizatsiya jarayonlarining jadallashuvi ijtimoiy muammolarni ham kuchaytirib borayotganini qayd etdi. Bugun dunyoda qariyb 3 milliard inson birlamchi yashash sharoitlaridan mahrum, ularning bir milliarddan ziyodi norasmiy turar joylar va xarobalarda kun kechirmoqda, 300 milliondan ortiq odam esa umuman boshpanaga ega emas. Iqlim o‘zgarishlari, tahlikali xalqaro vaziyat va iqtisodiy inqirozlar global migratsiyaning yangi to‘lqinlarini paydo qilib, shaharlar yuklamasini qo‘shimcha ravishda oshirmoqda.
– Oddiy qilib aytganda, urbanizatsiya jarayonlari global barqarorlik va xavfsizlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri taʼsir ko‘rsatuvchi jiddiy omilga aylanmoqda, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz shaharlarni barqaror rivojlantirish Yangi O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega masalalardan biri ekanini taʼkidladi. Yaqin 15 yil ichida mamlakatimiz aholisi 38 milliondan 50 million nafarga, urbanizatsiya darajasi esa 51 foizdan 65 foizga yetishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan mamlakatimizda shahar infratuzilmasini rivojlantirish va uy-joy qurilishini keng ko‘lamda rivojlantirish dasturi amalga oshirilmoqda. Oxirgi o‘n yilda qurilayotgan uy-joylarning yillik soni 10 barobar oshib, 2025-yilda 238 mingta xonadonga yetdi, 2030-yilda esa bu ko‘rsatkich yana 1,5 barobar oshadi. Aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash dasturlariga har yili byudjetdan qariyb 2 milliard dollar mablag‘ ajratilmoqda.
Norasmiy turar joylar muammosini hal qilish uchun 2024-yilda alohida qonun qabul qilinib, 100 mingga yaqin uyga hujjat rasmiylashtirib berildi. Bundan tashqari, mamlakatimizda eskirgan uy-joylarni yangilash bo‘yicha renovatsiya dasturi amalga oshirilib, yangilangan xonadonlar ulushini 15 foizdan 60 foizga yetkazish nazarda tutilgan.
Ushbu jarayonlarni samarali boshqarish maqsadida Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi tashkil etildi.
Shaharlarning ekologik barqarorligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Yashil makon”, “Toza havo” dasturlari doirasida shaharlarda yashillik darajasini 2030-yilgacha 30 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbari hududlarni obodonlashtirish va aholi turmush sifatini oshirishda mahalla instituti muhim o‘rni tutishini ham alohida taʼkidladi.
“Yangi Toshkent” megaloyihasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Unda “yashil”, “aqlli”, “xavfsiz”, “15 daqiqali” shahar tamoyillari to‘liq hisobga olingan. Birinchi bosqichning o‘zida qiymati 25 milliard dollardan ortiq investitsiya loyihalarini amalga oshirish boshlangan.
– Eng muhimi, bu kabi loyihalar nafaqat poytaxtda, balki “Yangi O‘zbekiston” massivlari nomi ostida mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilmoqda. Hozirgacha 61 ta ana shunday massiv bunyod etildi, 2030-yilga borib esa ularning soni 100 taga yetadi, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida bir qator xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, davlatimiz rahbari kichik va o‘rta shaharlarni uyg‘un rivojlantirish maqsadida “mutanosib urbanizatsiya” tamoyillarini keng joriy etishga chaqirdi.
Xalqaro “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tashkil etish tashabbusi bildirildi. Tuzilma shahar boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish sohasida texnologiyalar, standartlar va eng yaxshi tajribalar bilan almashish uchun platforma vazifasini bajaradi.
Yoshlar va aholining ehtiyojmand qatlamlarini sifatli hamda arzon uy-joylar bilan taʼminlash maqsadida 2027-yilda Samarqand shahrida uy-joy qurilishiga moliya va investitsiyalarni jalb etishdagi yangicha yondashuvlar yuzasidan xalqaro forum o‘tkazish taklif qilindi.
Ekologik barqaror shaharlarni rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida BMT-Habitatning “Yashil shahar” xalqaro mukofotini taʼsis etish ham yana bir muhim tashabbus bo‘ldi.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini 2030-yilda Yangi Toshkent shahrida o‘tkazishni va uning bosh mavzusini “Shaharlarning barqaror rivojlanishida mahalla institutining o‘rni” deb nomlashni taklif qildi.
Sammit doirasida boshqa xorijiy delegatsiyalar rahbarlari ham so‘zga chiqdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari Bokuda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar



