Logo

O‘zbekiston Prezidenti Ohangarondagi mikroprotsessor modullarini ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi

Fevral 13, 2026. 14:53 • 2 daq

89
O‘zbekiston Prezidenti Ohangarondagi mikroprotsessor modullarini ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi

TOSHKENT, 13-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Ohangaron tumanidagi “Vades Group” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan yuqori texnologiyali loyiha bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mazkur korxonada identifikatsiya uchun mo‘ljallangan mikroprotsessor modullari, sim-kartalar, shuningdek, transport, ijtimoiy va xalqaro to‘lov kartalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 22-yanvarda “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Hujjatda elektrotexnika sanoati va unga yondosh sohalarni rivojlantirish, yuqori texnologiyali hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish borasida vazifalar belgilab berilgan.

Shunga muvofiq, korxona raqamli davlat xizmatlarini joriy etish, fuqarolarning kundalik ehtiyojlari uchun qulay va xavfsiz to‘lov tizimlarini shakllantirishda zarur bo‘lgan vositalarni ishlab chiqaradi.

Germaniyaning “Infineon technologies” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Eltech Industrial” texnoparki hududida tashkil etilayotgan korxonaning umumiy qiymati 15 million dollarga teng.

Ayni vaqtda qurilish ishlarining ikkinchi bosqichi o‘n besh foizga bajarilib, 7 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan.

Hududi 4 gektar maydonni egallagan zamonaviy majmuada 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi, 6 million dollarlik eksport amalga oshiriladi.

Maʼlumot o‘rnida aytish mumkinki, 2025-yil davomida mamlakatimizga 35 million dollarlik mikroprotsessor modullari, sim-kartalar va turli to‘lov kartalari import qilingan.

Mazkur korxona to‘liq ishga tushishi hisobiga 5 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilib, bozordagi tannarx uch-besh foizga pasayishi kutilyapti.

Zamonaviy korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Mozambik, Kambodja kabi qator davlatlarga eksport qilinadi.

Davlatimiz rahbari MDH davlatlari orasida ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha uchinchi o‘rinda bo‘lishi kutilayotgan ushbu korxonada yaratilayotgan shart-sharoitlar, texnologik ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Prezidentimiz yuqori qiymatli mahsulotlar bo‘yicha innovatsion yondashuvlarni joriy etish, mahalliy kadrlar salohiyatini oshirish va eksportni yanada kengaytirish masalalarida muhim topshiriq va tavsiyalar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish