Logo

O‘zbekiston delegatsiyasi Karachida vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi

May 07, 2026. 13:55 • 2 daq

96
O‘zbekiston delegatsiyasi Karachida vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Karachida vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Karachida vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi

KARACHI, 7-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev va Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunovning Karachi shahriga amaliy tashrifi doirasida Pokistonda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davomida yurtimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan dasturlar va yangi imkoniyatlar haqida atroflicha fikr almashildi. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan xorijdagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, og‘ir ahvolga tushib qolgan vatandoshlarga moddiy yordam ko‘lamini kengaytirish, migrantlar uchun bepul huquqiy, ijtimoiy va psixologik ko‘mak ko‘rsatuvchi markazlarni tashkil etish bo‘yicha ilgari surilayotgan tashabbuslar alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, davlat migratsiya siyosatini diversifikatsiya qilish, mehnat muhojirlarini yuqori maoshli ish o‘rinlari mavjud bo‘lgan rivojlangan davlatlarga yo‘naltirish, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, nafaqat migrantlarning o‘zini, balki ularning oila aʼzolarini ham qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar haqida maʼlumot berildi.

Muloqot jarayonida vatandoshlarimizning yashash va mehnat sharoitlari, farzandlarining taʼlim-tarbiyasi, shuningdek, huquqiy muammolari muhokama qilindi. Ular tomonidan bildirilgan taklif va murojaatlar diqqat bilan tinglanib, tegishli huquqiy maslahatlar berildi. Hamyurtlarimizga amaliy yordam ko‘rsatish, zarur ko‘makni o‘z vaqtida yetkazish mexanizmlarini yana-da takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvda xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash, ularning Vatan bilan maʼnaviy va madaniy bog‘liqligini kuchaytirish, milliy qadriyatlar, urf-odatlar va anʼanalarni asrab-avaylash kabi muhim masalalar ham keng muhokama etildi.

Suhbat samimiy va do‘stona ruhda kechdi. Ishtirokchilar O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarni, aholi turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni hamda yaratilayotgan keng imkoniyatlarni yuksak baholadilar. Vatandoshlar yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga doimo tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunida vatandoshlar uchun dasturxon yozilib, o‘zbek milliy taomlari tortiq etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish