Logo

O‘zbek diplomatlari Iordaniyadagi talabalar bilan onlayn muloqot o‘tkazdi

Aprel 14, 2026. 10:54 • 2 daq

230
O‘zbek diplomatlari Iordaniyadagi talabalar bilan onlayn muloqot o‘tkazdi

AMMAN, 15-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Ar-Riyozdagi elchixonasi tomonidan Jaʼmiyat al-Ulum al-Islamiya al-Alamiya hamda Iordaniya universitetlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvning asosiy maqsadi talabalarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, taʼlim va ilmiy islohotlar haqida maʼlumot berish, mintaqada vaziyat keskinlashayotgan sharoitda shaxsiy xavfsizlik masalalari hamda konsullik hisobiga turish tartibini tushuntirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ygani, mamlakatni barqaror rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar va davlat dasturlari amalga oshirilayotgani haqida maʼlumot berildi.

Bundan tashqari, yetakchi taʼlim va ilmiy markazlar – Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro markazi, Hadis ilmi maktabi hamda Xalqaro islom akademiyasi tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Taʼlim sohasidagi yutuqlar sifatida 80 dan ortiq yangi oliy taʼlim muassasalari ochilgani, xorijiy universitetlar filiallarida o‘qish imkoniyatlari kengaygani qayd etildi.

O‘zbekiston bosqichma-bosqich yirik taʼlim markaziga aylanib borayotgani, yoshlar uchun taʼlim olish va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari tobora kengayib borayotgani taʼkidlandi.

Uchrashuv davomida talabalarga taʼlimga masʼuliyat bilan yondashish, doimiy ravishda o‘z ustida ishlash va olgan bilimlarini mamlakat taraqqiyoti yo‘lida samarali qo‘llash tavsiya etildi.

Ishtirokchilar yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlarni yuqori baholab, ko‘rsatilayotgan eʼtibor va qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildirdi.

Shu bilan birga, talabalarga konsullik hisobiga turish zarurligi tushuntirildi. Ko‘plab fuqarolar bu tizimning afzalliklari haqida yetarli maʼlumotga ega emasligi qayd etildi va barchaga o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tishi lozimligi aytildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish