Janubiy Koreyadagi maxsus muassasada saqlanayotgan vatandoshlar holidan xabar olindi
Mart 10, 2026. 11:38 • 2 daq
• 271
YOSU, 10 -art. /“Dunyo” AA/. Muborak Ramazon oyida insonparvarlik, mehr-oqibat va hamjihatlik tamoyillarini qaror toptirish maqsadida O‘zbekistonning Seul shahridagi elchixonasi xodimlari tomonidan Yosu shahrida joylashgan chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash muassasasiga tashrif amalga oshirildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida mazkur muassasada saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari holidan xabar olinib, ularga o‘z vaqtida va sifatli konsullik hamda huquqiy yordam ko‘rsatildi. Vatandoshlarimizning saqlash sharoitlari bilan tanishildi va ularning yaqin qarindoshlari bilan aloqalarini tiklash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadri, huquq va manfaatlarini taʼminlash, jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ana shu ezgu saʼy-harakatlar tufayli muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyati, o‘zaro ahillik, saxovat va shukronalik g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan muborak Ramazon oyi xalqimiz hayotida yana-da ulug‘ va moʻtabar oy sifatida keng nishonlanmoqda.
Shu nuqtai nazardan, elchixona xodimlarining ushbu tashrifi ham Ramazon oyida yurtimizda qaror topgan mehr-shafqat, bag‘rikenglik va insonparvarlik anʼanalarining amaliy ifodasi bo‘ldi. Tashrif doirasida muassasa rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazilib, u yerda saqlanayotgan hamyurtlarimizning muammolarini tezkor hal etish maqsadida elchixona hamda muassasa o‘rtasida amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, konsullar, advokatlar va tarjimonlar ishtirokida uchrashuvlarni tezkor tashkil etish uchun favqulodda aloqa mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.
Shuningdek, muassasada vatandoshlarni saqlash sharoitlari, ularga tibbiy va boshqa zarur xizmatlar ko‘rsatilishi, yaqin qarindoshlari bilan telefon orqali muloqot qilish imkoniyatlari atroflicha o‘rganildi. Sayohat hujjatlariga ega bo‘lmagani sababli deportatsiya markazlariga o‘tkazilgan shaxslar haqidagi maʼlumotlarni elchixonaga o‘z vaqtida taqdim etish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Ayni paytda mazkur muassasada 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi saqlanmoqda. Elchixona xodimlari ular bilan alohida konsullik uchrashuvlarini o‘tkazib, zarur huquqiy maslahat va amaliy yordam ko‘rsatdi. Koreya tomoni bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida ushbu fuqarolarni mart oyining oxiriga qadar Vatanga qaytarishga kelishib olindi.
O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi xorijda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur konsullik yordamini ko‘rsatish va yuzaga kelayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi