Logo

Muqaddas Ramazon oyida o‘tkazilgan iftorlik Xitoydagi o‘zbek yoshlarini birlashtirdi

Mart 03, 2026. 12:25 • 3 daq

173
Muqaddas Ramazon oyida o‘tkazilgan iftorlik Xitoydagi o‘zbek yoshlarini birlashtirdi
Muqaddas Ramazon oyida o‘tkazilgan iftorlik Xitoydagi o‘zbek yoshlarini birlashtirdi
Muqaddas Ramazon oyida o‘tkazilgan iftorlik Xitoydagi o‘zbek yoshlarini birlashtirdi
Muqaddas Ramazon oyida o‘tkazilgan iftorlik Xitoydagi o‘zbek yoshlarini birlashtirdi

PEKIN, 3-mart. /“Dunyo” AA/. Ramazon oyi munosabati bilan O‘zbekistonning Xitoydagi diplomatik vakolatxonalari xodimlari Xitoyda yashayotgan va ta’lim olayotgan vatandoshlar uchun iftorlik uyushtirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muqaddas Ramazon oyini mehr-oqibat, do‘stlik va shukronalik ruhida o‘tkazish, diniy-madaniy qadriyatlarni asrab-avaylash va mustahkamlashga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Joriy yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” deb e’lon qilinib, uning doirasida aholining hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasi kabi obyektlarning tashkil etilishi va ommalashtirilishi buyuk allomalarning ilmiy merosini o‘rganish va asrab-avaylashga qaratilgan bo‘lib, xorijiy mamlakatlar ekspertlarida qiziqish uyg‘otayotgani aytib o‘tildi.

Muloqot chog‘ida, davlatimiz yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani, ularning zamonaviy bilim olishi va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotgani qayd etildi.

Xususan, 24-fevral kuni davlatimiz rahbarining yoshlar bilan uchrashuvida O‘zbekistonda yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha bildirilgan taklif va mulohazalar muhokama qilindi. Vatandoshlar ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanishga chaqirildi.

Tadbir ishtirokchilari milliy taomlardan tatib ko‘rib, o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

Pekin xorijiy tillar universiteti talabasi Murodjon Boymatov:

- Bugun mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi tomonidan Ramazon oyi munosabati bilan tashkil etilgan iftorlikka yig‘ildik. Bu yerda yurtdoshlarimiz bilan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar, yoshlar bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildik.

Vazirlik, idora va hokimliklarda haftaning har payshanba kuni "Yoshlar kuni" deb e’lon qilingani, shu kuni rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga borib, yoshlar bilan uchrashayotganidan ham xabar topdik.

Biz bu imkoniyatlardan foydalanib, yangi zamonaviy bilimlarni egallab, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shishga tayyormiz.

Barcha yurtdoshlarimizni Ramazon bilan tabriklayman!

Pekin universiteti talabasi Mohinur Shokirjonova:

- Bugun biz elchixonamiz tomonidan uyushtirilgan iftorlik dasturxoniga tashrif buyurdik.

Xitoydagi biz yoshlar boy madaniyatimiz, an’analarimiz va urf-odatlarimizni keng targ‘ib qilish maqsadida universitetimizda tashkil etilayotgan madaniy tadbirlarda faol ishtirok etmoqdamiz. Shuni aytish kerakki, hozirda xitoylik do‘stlarimiz tomonidan madaniyatimiz va tariximizni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda.

Shu kunlarda hurmatli yurtboshimiz ishtirokida yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotda ularning muammolarini eshitish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zarurligini aytib o‘tdilar va biz bundan juda ruhlandik.

Fursatdan foydalanib barcha yurtdoshlarimizni muborak Ramazon oyi bilan tabriklayman.

Pekin universiteti talabasi Samir Nurmuxamedov:

- Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan tashkil etilgan iftorlik tadbirida ishtirok etdik. Bu yerda biz yangi do‘stlar bilan tanishdik.

Shu o‘rinda elchixonamiz tomonidan biz vatandoshlarni haq-huquqlarimizni har tomonlama himoya qilish borasidagi ko‘maklari uchun minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.

Biz yoshlar elchixonamiz tomonidan tashkil etiladigan turli tadbirlarda ishtirok etib, vatanimizni uzoqdan bo‘lsa ham doim his etib kelamiz.

Men ham Xitoyda olgan bilimlarimni mamlakatimiz ravnaqi va halqimiz farovonligi yo‘lida sarf etishni maqsad qilganman.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish