Logo

Tomskda ishlayotgan hamyurtlar uchun iftorlik tashkil etildi

Mart 01, 2026. 12:30 • 57 soniya

110
Tomskda ishlayotgan hamyurtlar uchun iftorlik tashkil etildi

TOMSK, 2-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsulxonasi hamda Tomsk shahri o‘zbeklari milliy-madaniy avtonomiyasi hamkorligida hozirgi vaqtda Rossiyaning ushbu hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirib kelayotgan vatandoshlarimiz uchun iftorlik tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Tomsk shahri va viloyatida turli korxonalarda ishlayotgan yuzdan ziyod fuqarolarimiz ishtirok etdi.

Iftorlikda qatnashgan yurtimizning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli Aslam Akbarov mamlakatimizda inson qadrini, huquq va manfaatlarini taʼminlash, jamiyatda tinchlik-totuvlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, aholini, ayniqsa yordamga muhtoj shaxslarni ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritdi. Islom dinining insonparvarlik mohiyatini o‘zida mujassam etgan muqaddas Ramazon oyi xalqimiz qalbida yanada yaqinlashib, eʼzozlanib borayotganini taʼkidladi.

Tomsk shahri o‘zbeklari milliy-madaniy avtonomiyasi rahbari Samatulla Ruziyev vatanidan uzoqda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga berilayotgan bunday eʼtibor uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Bosh konsulxona tomonidan Tomsk viloyatida hamyurtlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi saʼy-harakatlari, bosh konsulning muntazam o‘tkazayotgan konsullik qabullari alohida qayd etildi.

Tadbirda Qurʼon tilovat qilinib, Yaratgandan yurtimizda tinchlik-xotirjamlik hukm surishi, xalqimizning farovon yashashi, muqaddas Ramazon oyida niyat qilingan ezgu amallar ro‘yobini so‘rab duo o‘qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish