“BBC”: O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi 2026-yilda dunyoda ochilishi kutilayotgan oltita eng muhim muzeylar ro‘yxatiga kiradi
Mart 04, 2026. 08:10 • 2 daq
• 60
LONDON, 4-mart. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning nufuzli “BBC” nashri 2026-yilda ochilishi kutilayotgan oltita eng muhim muzeylar ro‘yxatiga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini ham kiritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, dunyoda ushbu madaniyat markazlarining ochilishi 2026-yilda ular joylashgan shaharlarning qiyofasini tubdan o‘zgartirishi mumkin.
Taʼkidlanishicha, Toshkentdagi ushbu ulkan madaniy-maʼrifiy majmua Ipak yo‘lidagi islom ilm-fani va madaniyatining muhim markazlaridan biri sifatida O‘zbekistonning boy tarixiy va maʼnaviy merosini namoyish etishga mo‘ljallangan.
“Binoning o‘zi hayratlanarli: feruza mozaikalardan iborat monumental gumbaz har qanday kishini o‘ziga rom etadi. Markazning eng asosiy qismida Qurʼoni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda musulmon dunyosining maʼnaviy durdonasi – qadimiy Usmon Musʼhafi joylashtiriladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, O‘zbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitobimiz nusxalari va ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari qo‘yiladi. Jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qurʼonlardan namunalar ham o‘rin oladi” deyiladi “VVS” nashrida.
Maqolada yozilishicha, muzey majmuasi to‘plamidan 2 mingdan ortiq qo‘lyozma va tarixiy ashyolar ham o‘rin olgan bo‘lib, ularning aksariyati so‘nggi yillarda O‘zbekistonga qaytarilgan.
Shuningdek, markazda taʼlim zonasi tashkil etilib, unda O‘zbekistonning islomdan oldingi davridan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixiga bag‘ishlangan virtual va sunʼiy intellektdan foydalangan holda eksponatlar bo‘ladi.
Ushbu hududdagi bo‘limlardan birida tashrif buyuruvchilar “jonli portretlar” deb ataladigan vositalar orqali dunyoga mashhur tarixchi va mutafakkirlar bilan muloqot qilishi mumkin. Markazning boshqa qismlarida 200 ming jildli kutubxona, mamlakatdagi birinchi ixtisoslashtirilgan bolalar muzeyi, hunarmandchilik ustaxonalari va restavratsiya laboratoriyasi mavjud.
Nashrda qayd etilishicha, “Yo‘qotilgan maʼrifat: Markaziy Osiyoning oltin davri” kitobi muallifi Frederik Starr majmuani sayyohlar uchun ham, olimlar uchun ham jozibador markaz deb atagan. Bu yerda “bu mintaqada ming yil oldin paydo bo‘lgan intellektual va badiiy faoliyatning gullab-yashnashi” bilan tanishish mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi