Logo

O‘zbekiston elchixonasi Hindistonda murakkab vaziyatga tushib qolgan vatandosh ayolga tezkor konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatdi

Mart 16, 2026. 12:02 • 2 daq

133
O‘zbekiston elchixonasi Hindistonda murakkab vaziyatga tushib qolgan vatandosh ayolga tezkor konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatdi

DEHLI, 16-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi Hindiston hududida hayotiy murakkab vaziyatga tushib qolgan R.R. ismli vatandosh ayolga tezkor konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi hujjatlarini yo‘qotishi, shuningdek, ish beruvchilarning vijdonsiz xatti-harakatlari sababli murakkab ahvolda qolib, noqonuniy ekspluatatsiya xavfiga duch kelgach, yordam so‘rab elchixonaga murojaat qilgan.

Konsullik bo‘limi tomonidan fuqaroning Hindistonda bo‘lish bilan bog‘liq huquqiy masalalarini hal etish uchun zudlik bilan mahalliy huquq-tartibot idoralari va migratsiya xizmatlari bilan aloqa o‘rnatildi.

Diplomatlarning sa’y-harakatlari natijasida zarur chiqish hujjatlari rasmiylashtirildi va logistika vazifalari hal etildi. R.R. joriy yil 14-mart kuni “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining HY424 reysi bilan O‘zbekistonga sog‘-omon qaytib keldi.

O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi yana bir bor fuqarolarni chet elga chiqishda hushyor bo‘lishga, shubhali ish takliflariga ishonmaslikka va xorijiy mamlakatda bo‘lish qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqiradi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish