O‘zbekiston fuqarolari “Haj–2026” mavsumi doirasida Saudiya Arabistonida ziyoratni boshladi
May 05, 2026. 21:20 • 2 daq
• 385JIDDA, 5-may. /“Dunyo” AA/ “Haj–2026” mavsumi doirasida O‘zbekiston fuqarolarining birinchi guruhi Saudiya Arabistoniga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Madina shahriga O‘zbekistonning o‘nta hududidan har kuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar tashkil etilmoqda. Xususan, Toshkent, Buxoro, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Nukus va Navoiydan parvozlar tashkil etilyapti. Barcha reyslarni “Fly Adeal” aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar Madinadagi “Zam Zam Pullman Hotel” mehmonxonasida, shuningdek, Makkadagi qator qulay va shinam mehmonxonalarda joylashmoqda.
“Haj–2026” mavsumi doirasida O‘zbekistonning 15 ming fuqarosi uchun ziyorat tashkil etish rejalashtirilgan.
Muvofiqlashtirish va tartibni taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyev va Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov boshchiligidagi delegatsiya Madina shahriga yetib borib, aeroportda kutib olindi. Ularga ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishish imkoniyati berildi.
“Haj–2026” mavsumini o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalar Jiddadagi Bosh konsulxona va O‘zbekistonning ishchi guruhi aʼzolari tomonidan Saudiya Arabistonining tegishli tashkilotlari bilan hamkorlikda muvofiqlashtirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

