Londonda Navro‘z bayrami O‘zbekistonlik talabalar tomonidan keng nishonlanmoqda
Mart 24, 2026. 09:00 • 2 daq
• 246
LONDON, 24-mart. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning nufuzli ta’lim maskani - London Universitet Kolledjida (UCL) bahor va yangilanish ramzi Navro‘zga bag‘ishlangan yirik madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi va Britaniyadagi mamlakatimiz talabalari uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur yoshlar sayli nafaqat mintaqa davlatlaridan kelgan talabalar, balki dunyoning barcha mamlakatlaridan bo‘lgan ishtirokchilarni birlashtirdi va ularning qalbida chuqur taassurot qoldirdi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov so‘zga chiqib, Navro‘zni asrlar silsilasida sayqal topgan beqiyos ma’naviy xazina sifatida ta’rifladi. U Navro‘z nafaqat bahor va tabiat uyg‘onishining ramzi, balki insonparvarlik, mehr-oqibat, hamjihatlik va ezgulik g‘oyalarini ulug‘lovchi muqaddas bayram ekanligi ta’kidladi. Navro‘z turli xalq va madaniyatlarni birlashtiruvchi, qalblar o‘rtasida mustahkam rishtalarni bog‘lovchi, madaniy muloqotni ravnaq toptiradigan noyob va bebaho an’ana ekanligi qayd etildi.
Festivalda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya, Ozarbayjon va dunyoning turli nuqtalaridan kelgan talabalar, diaspora vakillari, diplomatik korpus a’zolari, Buyuk Britaniyaning akademik doiralari hamda Markaziy Osiyo madaniyatiga qiziquvchi minglab mehmonlar ishtirok etdi.
Tadbir doirasida milliy hunarmandchilik namunalari ko‘rgazmasi, an’anaviy musiqa va raqs chiqishlari, xalq amaliy san’ati namoyishlari hamda sumalak va milliy taomlar yarmarkasi tashkil etildi. Mehmonlar sharqona mehmondo‘stlik ruhini his etib, Navro‘zning betakror muhitini chuqur anglash imkoniga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, madaniy-ma’rifiy muloqotlar va davra suhbatlari o‘tkazilib, yoshlarning xalqaro hamkorlikdagi o‘rni, ta’lim va madaniyat sohasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar bunday tashabbuslar turli millat vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va tushunishni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Navro‘z sayli doirasida mehmonlar qadimiy urf-odatlar, bahoriy marosimlar va milliy qadriyatlar bilan yaqindan tanishdilar. Milliy taomlar tarqatilib, an’anaviy o‘yinlar va sahnaviy chiqishlar orqali bayramning mazmun-mohiyati yanada jonli aks ettirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi