O‘zbekistonda professional ta’limni xalqaro standartlarga moslashtirishda Britaniya tajribasidan foydalaniladi
Oktabr 09, 2026. 09:30 • 2 daq
• 100
LONDON, 9-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Buyuk Britaniyaning “Pearson” ta’lim tashkiloti vitse-prezidenti Jeyn Beyker bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat davomida Jeyn Beyker O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy ta’lim standartlarini joriy etish, yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni yuqori baholadi.
Tomonlar “Pearson”ning ilg‘or ta’lim dasturlari va zamonaviy ta’lim texnologiyalarini O‘zbekistonda keng joriy etish, ta’lim muassasalarining o‘quv-metodik bazasini takomillashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda professional ta’lim tizimida xalqaro tajribadan samarali foydalanish masalalarini muhokama qildi.
Mazkur dasturlarning amaliyotga tatbiq etilishi yoshlarga xalqaro talab va standartlarga mos bilim va ko‘nikmalarni egallash, zamonaviy kasbiy kompetensiyalarni shakllantirish hamda kelgusida munosib mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratayotgani ta’kidlandi.
Bugungi kunda yurtimizning 45 ta texnikumida “Pearson”ning xalqaro ta’lim dasturlari muvaffaqiyatli joriy etilgan. Ushbu dasturlar doirasida bitiruvchilarga beriladigan sertifikatlar 70 dan ziyod mamlakatda tan olinishi ularning xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada kengaytirish, ta’lim dasturlarini takomillashtirish va ilg‘or xalqaro tajribani O‘zbekistonning professional ta’lim tizimiga keng joriy etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi