O‘zbekiston delegatsiyasi Londonda ta’lim va sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish bo‘yicha Britaniya tajribasini o‘rgandi
Noyabr 27, 2026. 16:30 • 2 daq
• 219LONDON, 27-noyabr. /“Dunyo” AA/. Vazirlik, idoralar hamda tijorat banklari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Londonda ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini moliyalashtirish bo‘yicha Buyuk Britaniya tajribasini o‘rgandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Delegatsiya a’zolari Buyuk Britaniya Moliya vazirligi, Ta’lim vazirligi hamda Biznes, innovatsiyalar, fan va savdo vazirligi vakillari bilan uchrashdilar. Shuningdek, Talabalar ishlari bo‘yicha boshqarma (Office for Students), “Chelsea and Westminster NHS Trust” hamda “Modality” tashkilotlari rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi. Bundan tashqari, London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabida (LSE) delegatsiya a’zolari uchun maxsus treninglar tashkil etilib, ular Qirollik umumiy amaliyot shifokorlari kolleji faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.
Uchrashuvlar davomida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini moliyalashtirishning iqtisodiy asoslari, mazkur yo‘nalishdagi davlat muassasalarining moliyaviy mustaqilligi, shuningdek, hukumatning universitetlar va shifoxonalar bilan tashkiliy hamda moliyaviy hamkorligi masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘rganilgan tajriba va ekspertlar tavsiyalari O‘zbekistonda ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini moliyalashtirishning amaldagi mexanizmlarini yanada takomillashtirishda xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


