Logo

Xitoy kompaniyalari Sirdaryoga investitsiya kiritishga katta qiziqish bildirmoqda

Aprel 05, 2026. 13:30 • 2 daq

125
Xitoy kompaniyalari Sirdaryoga investitsiya kiritishga katta qiziqish bildirmoqda

FOSHAN, 5-aprel. /“Dunyo” AA/. Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoyga tashrifi doirasida yirik savdo-iqtisodiy va investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tadbir O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi, Guanchjou shahridagi Bosh konsulxonasi va Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan tashkil etildi. Forumda Foshan shahridagi turli vazirlik va idoralar, savdo-sanoat palatalari hamda yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Forumda asosiy eʼtibor sanoat kooperatsiyasi, logistika tizimlarini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi sohasiga qaratildi. Xitoylik investorlarga Sirdaryo viloyatidagi erkin iqtisodiy zonalar, ularda yaratilgan sharoitlar va mavjud imtiyozlar haqida tushuntirish berildi.

Muzokaralar davomida yangi ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan aniq loyihalar muhokama qilindi. Bu Sirdaryo viloyatining xorijiy investorlar uchun ochiq va ishonchli hudud ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Delegatsiyaning ishbilarmonlik uchrashuvlari “Guangdong Yilong Technology”, “Hisense Marketing Management” va “Wrigley Home Furnishing” kabi yirik kompaniyalar rahbarlari bilan davom etdi. Ushbu muloqotlarda qurilish materiallari, mebel va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Ayniqsa, “Louvre Group” kompaniyasi bilan o‘tkazilgan muzokaralar katta qiziqish uyg‘otdi. Kompaniya vakillari yaqin vaqt ichida O‘zbekistonga tashrif buyurib, mebel sanoati va mehmonxona biznesi bo‘yicha qo‘shma loyihalar imkoniyatlarini o‘rganishga tayyor ekanini bildirdi.

“Arrow Group” bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda santexnika va hammom jihozlarini mahalliylashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida ham muhim kelishuvlarga erishildi. Tomonlar agrologistika tizimlarini rivojlantirish, zamonaviy baliqchilik xo‘jaliklarini tashkil etish va ixtisoslashgan mini-texnika ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi. Shu bilan birga, Xitoy texnologiyalari asosida ko‘cha yoritish tizimlarini zamonaviylashtirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish