Pragada O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi akademik hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Aprel 04, 2026. 17:00 • 2 daq
• 116
PRAGA, 4-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Chexiy poytaxtida joylashgan Yevropa amaliy fanlar va menejment instituti (EIASM) rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi taʼlim jarayoni, zamonaviy o‘qitish yo‘nalishlari va xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tashrif doirasida Pragada malaka oshirayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislar — moliya, iqtisodiyot va bank sohalaridagi komplayens xizmatlari rahbarlari bilan ham alohida muloqot tashkil etildi. Unda yurtdoshlarimizning Yevropa taʼlim standartlari asosida orttirayotgan tajribasi va erishayotgan amaliy natijalari yuqori baholandi.
Tadbirning eng hayajonli lahzalaridan biri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchisi Jaloliddin Hamroqulovga Yevropa amaliy fanlar va menejment instituti tomonidan Faxriy doktor unvonining topshirilishi bo‘ldi. Bu eʼtirof o‘zbek olimining ilmiy faoliyati va ikki davlat o‘rtasidagi maʼrifiy aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasiga berilgan yuksak bahodir.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston mutaxassislari uchun malaka oshirish imkoniyatlarini yana-da takomillashtirish va kelgusida qo‘shma taʼlim loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Mazkur hamkorlik O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Chexiyaning ushbu nufuzli oliy taʼlim muassasasi 2011-yilda tashkil etilgan bo‘lib, ASIC va IACBE kabi xalqaro akkreditatsiyalarga ega. Maʼlumot o‘rnida aytish joizki, 2025-yil davomida institutni 800 nafarga yaqin tinglovchi tamomlagan bo‘lib, ularning sezilarli qismi MBA (magistratura) va DBA (doktorantura) dasturlari bitiruvchilaridir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi