O‘zbekiston Malayziyaning pensiya va ijtimoiy ta’minot sohasidagi tajribasini o‘rganmoqda

Noyabr 25, 2026. 17:00 • 2 daq

• 148
O‘zbekiston Malayziyaning pensiya va ijtimoiy ta’minot sohasidagi tajribasini o‘rganmoqda

KUALA-LUMPUR, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi delegatsiyasining Malayziyaga xizmat safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish hamda ijtimoiy va pensiya ta’minoti sohalarida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishdan iborat bo‘ldi.

Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori o‘rinbosari Nuriddin Shadixodjayev boshchiligidagi delegatsiya Malayziyaning pensiya va ijtimoiy sug‘urta sohasidagi yetakchi muassasalari – Xodimlar jamg‘arma fondi (EPF), Xususiy pensiya tizimlari ma’muriyati (PPA), Ijtimoiy sug‘urta tashkiloti (PERKESO) hamda Davlat pensiya jamg‘armasi (KWAP) vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muloqotlar davomida Malayziyaning pensiya tizimini boshqarish va tashkil etish, pensiya aktivlarini samarali boshqarish va investitsiya qilish, islom moliyasi tamoyillariga asoslangan jamg‘arib borish mexanizmlarini joriy etish borasidagi tajribasi o‘rganildi.

Tomonlar pensiya ta’minoti va ijtimoiy sug‘urta tizimlarini yanada takomillashtirish, sohada institutsional hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish va istiqbolli yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Ushbu xizmat safari yurtimizning pensiya va ijtimoiy ta’minot tizimini modernizatsiya qilish jarayonida ilg‘or xalqaro tajribadan foydalanish, O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida ushbu yo‘nalishdagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish