Logo

Sirdaryo va Xitoyning Tyanszin shahri o‘rtasida yangi investitsion loyihalar amalga oshiriladi

Aprel 02, 2026. 17:49 • 2 daq

80
Sirdaryo va Xitoyning Tyanszin shahri o‘rtasida yangi investitsion loyihalar amalga oshiriladi

TYANSZIN, 2-aprel. /“Dunyo” AA/. Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoyga tashrifi doirasida Tyanszin shahrida yirik biznes-forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi va Sirdaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjumanda Tyanszin shahri maʼmuriyati, savdo-sanoat palatalari va yetakchi kompaniyalar vakillari hamda sirdaryolik tadbirkorlar ishtirok etdi.

Forum davomida Sirdaryo viloyatining investitsiyaviy muhiti, hududning iqtisodiy salohiyati va erkin iqtisodiy zonalarda sarmoyadorlar uchun yaratilgan imtiyozlar bo‘yicha keng qamrovli taqdimotlar o‘tkazildi.

Taʼkidlanganidek, Sirdaryo viloyatining Xitoy tajribasiga asoslangan innovatsion hudud sifatida belgilangani xitoylik investorlar uchun yangi ufqlarni ochib bermoqda.

Muzokaralar chog‘ida xitoylik ishbilarmonlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritish, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va eksport hajmini oshirishda faol hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi. G2B va B2B formatidagi uchrashuvlar yakunida qator manfaatli kelishuvlarga erishildi.

Xususan, sanoat, qishloq xo‘jaligi va innovatsiyalar sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Sirdaryo viloyatiga Xitoy ishbilarmon doiralarining biznes-missiyalarini muntazam tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu kabi tashabbuslar hududda yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Sirdaryo delegatsiyasining Xitoyga xizmat safari davom etmoqda, navbatdagi muzokaralar yirik ishlab chiqarish majmualari va texnoparklarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish