O‘zbekiston va Polsha arxiv materiallari asosida qo‘shma kitoblar nashr etish va ko‘rgazmalar o‘tkazishni rejalashtirmoqda
Iyun 29, 2026. 08:10 • 2 daq
• 168
VARSHAVA, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan “O‘zarxiv” agentligi va Polshaning Milliy xotira instituti (IPN) vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, arxiv materiallarini saqlash, restavratsiya qilish va raqamlashtirish sohasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, ilmiy-tadqiqot hamkorligini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
IPN vakillari qo‘shma xalqaro ilmiy loyihalarni amalga oshirish tajribasi hamda nashr etilgan kitoblar va hujjatlar to‘plamlari bilan tanishtirdi. Polsha tomoni O‘zbekiston arxiv muassasalari bilan qo‘shma nashriyot loyihalarini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
O‘z navbatida, “O‘zarxiv” agentligi vakillari kitob-albom tayyorlash hamda ikki mamlakatda ko‘chma hujjatli ko‘rgazmalar o‘tkazishni nazarda tutuvchi “O‘zbeklar Polsha arxivlarida va polyaklar O‘zbekiston arxivlarida” nomli qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihasini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi.
Muzokaralar yakunida ekspertlar muloqotini davom ettirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi