O‘zbek kompaniyalari uchun Britaniya bozorida yangi imkoniyatlar ochilmoqda

LONDON, 5-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov boshchiligidagi delegatsiyaning Londonga tashrifi doirasida Britaniya ishbilarmonlari bilan qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralarda Britaniya Savdo palatasi vakillari, jumladan, xalqaro va mahalliy kompaniyalar bilan ishlash bo‘yicha direktor Anna-Mariya Martin, London Savdo palatasi bosh direktori Karim Fatexi, Musulmonlar savdo forumi raisi Iqbol Sakrani hamda xalqaro departament rahbari Koyas Miya ishtirok etdi.
Suhbat jarayonida asosiy e’tibor O‘zbekiston va Buyuk Britaniya ishbilarmonlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratildi. Tomonlar O‘zbekiston kompaniyalarini Britaniya bozoriga olib chiqish, biznesni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, elektrotexnika va to‘qimachilik sanoati, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, zargarlik sohasi hamda turizm hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Muzokaralarda O‘zbekistonning investitsiya va turizm salohiyatini Britaniya bozorida targ‘ib qilish, shuningdek, mamlakat milliy brendini mustahkamlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma biznes missiyalarini tashkil etish va O‘zbekiston kompaniyalarining Buyuk Britaniya bozoriga kirishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi