Avstriya universiteti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ikkita kasbiy ta’lim markazi tashkil etiladi

Oktabr 11, 2026. 16:00 • 2 daq

• 98
Avstriya universiteti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ikkita kasbiy ta’lim markazi tashkil etiladi

VENA, 11-oktyabr. /«Dunyo» AA/. «Austria» internet nashrida O‘zbekiston Kasbiy ta’lim agentligi direktori boshchiligidagi delegatsiyaning Avstriyaga tashrifiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, Avstriyaning «IMC Krems» amaliy fanlar universiteti va O‘zbekiston Kasbiy ta’lim agentligi o‘rtasida keng ko‘lamli ta’lim hamkorligi to‘g‘risida kelishuv imzolangan.

Ushbu hamkorlik doirasida Namangan va Buxoro shaharlarida mehmonxona menejmentiga ixtisoslashgan ikkita markaz tashkil etiladi. Ushbu markazlar turizm sohasi uchun malakali mutaxassislar va o‘qituvchilar tayyorlash, kasbiy ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida oshirishga xizmat qiladi.

Loyihaning muhim jihati – ta’limning amaliyotga yo‘naltirilganidir. O‘quv mashg‘ulotlarining kamida 60 foizi amaliy darslardan iborat bo‘ladi. Markazlarda tashkil etiladigan o‘quv mehmonxonalarida talabalar mehmonlarni kutib olish, mehmonxona xo‘jaligini yuritish va restoran xizmati kabi yo‘nalishlarda amaliy ko‘nikmalarni egallaydi.

Shuningdek, mahalliy o‘qituvchilarni «Train-the-Trainer» – trenerlarni tayyorlash modeli asosida o‘qitish va sertifikatlash rejalashtirilgan. Bu Avstriya tajribasini O‘zbekistonda keng joriy etish va milliy kasbiy ta’lim tizimining salohiyatini oshirish imkonini beradi.

Maqolada «IMC Krems» universitetining O‘zbekiston bilan mavjud hamkorligi ham ta’kidlangan. Jumladan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ta’lim dasturlarida 200 nafardan ortiq talaba Avstriya universiteti standartlari asosida tahsil olmoqda.

Mazkur loyiha O‘zbekistonda turizm sohasi uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ta’lim sifatini oshirish va bitiruvchilarning bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish