Jakartada O‘zbekiston va Indoneziya futzal federatsiyalari rahbarlari uchrashdi
Fevral 05, 2026. 10:23 • 2 daq
• 84
JAKARTA, 5-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi Indoneziyada tashkil etilgan Osiyo chempionatida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“AFC Futsal Asian Cup 2026” tadbiri doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Jumladan, 3-fevral kuni Jakarta shahrida O‘zbekiston futzal federatsiyasi rahbari Behzod Mamatqulov boshchiligidagi delegatsiya Indoneziya futzal federatsiyasi raisi Maykl Sianipar bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida futzal yo‘nalishida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, yoshlar sportini qo‘llab-quvvatlash, o‘quv yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazish hamda xalqaro musobaqalar tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Maykl Sianipar o‘zbek futbolining oxirgi yillarda qo‘lga kiritgan yutuqlari hamda FIFA reytingida o‘z mavqeni mustahkamlab borayotganini yuqori baholab, milliy jamoamiz Jahon chempionatiga yo‘llanma olgani bilan tabrikladi.
Muloqot chog‘ida Osiyo mamlakatlari ishtirokida futzal bo‘yicha “U-20” xalqaro musobaqasini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Qayd etilishicha, mazkur chempionat yosh sportchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, xalqaro tajriba almashish hamda mintaqada futzalni yanada ommalashtirishga xizmat qiladi. Musobaqani Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) homiyligida o‘tkazish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar, murabbiylar va hakamlar uchun qo‘shma o‘quv dasturlari tashkil etish, sportchilar o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish hamda texnik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldi.
Uchrashuv doirasida futzal sohasidagi hamkorlikni institutsional darajada mustahkamlash, yoshlar bilan ishlash tizimini rivojlantirish hamda sport diplomatiyasi orqali O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasida sport sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash hamda Osiyo mintaqasida futzalni barqaror rivojlantirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
