O‘zbekiston diplomatlari Germaniyaning Reda-Videnbryuk shahrida mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi
May 15, 2026. 12:55 • 2 daq
• 91REDA-VIDENBRYUK, 15-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Reda-Videnbryuk shahridagi “Premium Food Group” oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasida mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda ushbu korxonada ishlayotgan yuz nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosi ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston fuqarolarini xorijda talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha tayyorlash va ularni qonuniy hamda manzilli tarzda ishga joylashtirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Shu maqsadda Migratsiya agentligi va “Premium Food Group” o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tashabbus doirasida yurtdoshlarimizni xalqaro mehnat bozori talablariga mos mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash va Germaniyadagi barqaror ish o‘rinlariga joylashtirish ko‘zda tutilgan.
Safar davomida diplomatlar vatandoshlarimizning ish va yashash sharoitlari, mehnat jarayoni hamda texnika xavfsizligi talablariga rioya etilishi bilan yaqindan tanishdi.
Konsul ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda fuqarolarning fikr-mulohazalari, taklif va murojaatlari tinglandi. Ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tegishli javoblar, huquqiy tushuntirishlar va amaliy tavsiyalar berildi.
Xususan, Germaniyada mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonida huquq va majburiyatlarga rioya etish, migratsiya qoidalari, mehnat shartnomalari, ijtimoiy himoya, sug‘urta hamda konsullik-huquqiy yordam olish tartibi haqida maʼlumot taqdim etildi.
Uchrashuvda xorijda vaqtincha mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlari davlatimiz himoyasida ekani alohida taʼkidlandi. Vatandoshlarimizga elchixona va konsullik bo‘limi bilan doimiy aloqada bo‘lish, huquqiy, mehnat yoki maishiy masalalar yuzasidan o‘z vaqtida murojaat qilish tavsiya etildi. Shuningdek, elchixona har qanday masalalarda Germaniyadagi yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi alohida qayd etildi.
“Premium Food Group” Germaniyaning yetakchi oziq-ovqat sanoati kompaniyalaridan biri hisoblanadi. 1971-yilda tashkil etilgan ushbu oilaviy biznesning bosh qarorgohi Shimoliy Reyn-Vestfaliya o‘lkasidagi Reda-Videnbryuk shahrida joylashgan. Kompaniya go‘sht va kolbasa mahsulotlari, tayyor oziq-ovqat, logistika, sovutish omborlari va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari va Chexiya elchisi mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar







