Pokiston matbuoti: O‘zbekiston bilan ikki tomonlama munosabatlar tobora kengayib bormoqda
Mart 04, 2026. 10:45 • 2 daq
• 1ISLOMOBOD, 4-mart. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Daily Financial Times” va “The Daily Morning News” gazetalari hamda “Metro-Morning” elektron nashrida “O‘zbekiston va Pokiston do‘stlik ko‘priklarini mustahkamlamoqda” sarlavhali maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrlarda O‘zbekiston mustaqilligining ilk kunlaridayoq Pokiston bu tarixiy voqeani katta hayajon bilan qarshi olgani ta’kidlangan. Muallif O‘zbekiston Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi esperti Bekzod Alimjonov Pokistonga qilgan safarim davomida ushbu samimiy munosabatni his qilgani haqida yozgan. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi geografik masofaga qaramay, ma’naviy yaqinlikni, pokistonlik do‘stlarimizning quvonchlarimizga sherik bo‘lib, qiyin paytlarda ham yelkadosh bo‘lishga tayyor ekanini yaqqol sezdim.
Uning ta’kidlanishicha, O‘zbekiston va Pokiston xalqlarini yana-da yaqinlashtirishda Zahiriddin Muhammad Boburning mushtarak merosi alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu umumiy meros an’analarimiz, tillarimiz va madaniy dunyoqarashimizdagi o‘xshashliklarga zamin yaratgan.
“Mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar izchil ravishda kengayib borib, 2021-yilda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bu esa munosabatlar chuqurlashib borayotgani, hamkorlik qamrovi kengaygani va yangi yo‘nalishlar qo‘shilayotganining yorqin ifodasidir”, – deyilgan materiallarda.
Shuningdek, nashrlarda, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning izchil mustahkamlanishida ikki davlat rahbarlari — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning qat’iy siyosiy irodasi hamda ular o‘rtasida shakllangan ishonchli va konstruktiv muloqot muhim o‘rin tutayotgani alohida e’tirof etilgan.
“Xususan, so‘nggi o‘n yillik davomida O‘zbekiston va Pokiston siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, mudofaa va xavfsizlik sohalarida hamkorlikni kuchaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish hamda mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha muvofiqlashuvni mustahkamlash yo‘nalishlarida sezilarli yutuqlarga erishdi. Bugungi kunda rasmiy Toshkent va Islomobod o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va manfaatlarga hurmat tamoyillari asosida izchil rivojlanmoqda”, – deya urg‘ulagan muallif.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

