“Uralsk – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha yangi aviaqatnov taqdimoti bo‘lib o‘tdi

URALSK, 16-mart. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning Uralsk shahrida “Uralsk – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha yangi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan sayyohlik taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tadbir O‘zbekiston elchixonasi, Oqtov shahridagi Bosh konsulxona, Turizm qo‘mitasi hamda “Centrum Air” aviakompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.
Uchrashuvda sayyohlik kompaniyalari, mehmonxonalar, mahalliy ishbilarmon doiralar, Uralsk xalqaro aeroporti va davlat hokimiyati organlari vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot davomida O‘zbekistonning sayyohlik tur-paketlari, turizm yo‘nalishlari, Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar haqida maʼlumot berildi. Taʼkidlanishicha, yangi havo yo‘nalishi qozog‘istonlik sayyohlar uchun sayohatni sezilarli darajada osonlashtiradi.
Tadbirda O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan loyiha va islohotlar, mamlakat rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan yirik tashabbuslar haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Toshkentda poytaxt mehmonlari uchun “Tungi sayyohlik ko‘chalari”ni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Taqdimotda Qozog‘iston sayyohlik kompaniyalarining O‘zbekistonga qiziqishi tobora ortib borayotgani, bu esa aviachiptalar savdosi hajmining o‘sishida namoyon bo‘layotgani taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida sayyohlik yo‘nalishida hamkorlikni yana-da kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tajriba almashishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi