Venada O‘zbekiston turizmi: markaziy ko‘chalarda bannerlar namoyishi
Mart 25, 2026. 08:55 • 3 daq
• 207
VENA, 24-mart. /“Dunyo” AA/ Avstriya poytaxtining markaziy ko‘chalarda O‘zbekistonning turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida reklama bannerlari namoyish qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu targ‘ibot tadbiri mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Har yili 5 milliondan ortiq xorijiy safarlarni amalga oshiradigan avstriyaliklar uchun bunday targ‘ibot kampaniyalari muhim ahamiyatga ega.
Venada istiqomat qilayotgan sayyohlar va turizm mutaxassislari O‘zbekiston diplomatlariga turizm yo‘nalishida taklif va tavsiyalarini bildirdi. Xususan, avstriyalik sayohatchi Yoxann Shtigni shunday dedi:
– Men Venada yashayman. 30 yil tadbirkorlik bilan shug‘ullandim, hozir pensiyadaman. Sayohat qilishni juda yaxshi ko‘raman va dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lganman. O‘zbekiston haqidagi bannerni ko‘rib xursand bo‘ldim. Bir necha yil oldin mamlakatingizga tashrif buyurganman va bu men ko‘rgan eng maftunkor davlatlardan biri. Buyuk ipak yo‘li orqali bog‘langan qadimiy madaniyat va Osiyo–Yevropa aloqalari hozir ham ajoyib rivojlanib bormoqda. Tezyurar poyezd va infratuzilma meni hayratga solgan. Uni bemalol Tokiodagi Shinkansen bilan taqqoslash mumkin.
Har yili Venada yirik sayyohlik ko‘rgazmasi – “Feriyen Messe” o‘tkaziladi. Unga navbatdagi taʼtilni qayerda o‘tkazishni rejalashtirgan o‘n minglab odamlar keladi. Ular orasida oddiy sayyohlar ham, madaniyat ixlosmandlari va fotograflar ham bor. Ayniqsa, fotograflar uchun O‘zbekiston o‘ziga xos mamlakat.
Agar mendan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun nima qilish kerak, deb so‘rashsa, Venadan Toshkent yoki Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tashkil etishni taklif qilgan bo‘lardim.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi avstriyalik sayyohlar uchun katta qulayliklar yaratadi. Bundan tashqari, Vena butun Sharqiy Yevropa uchun haqiqiy transport bog‘lanmasi hisoblanadi. Chexiya, Slovakiya, Vengriya va boshqa mamlakatlardan ko‘plab sayyohlar aynan Venaga bu yerdan uchib ketish uchun kelishadi. Shu sababli, Venadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reysning mavjudligi barcha sayohatchilar uchun ajoyib imkoniyat bo‘lardi.
Avstriyaning “Lass uns reisen” turistik kompaniyasi rahbari Klemans Valsl ham O‘zbekistonning Venadagi targ‘ibotini alohida olqishladi:
– O‘zbekiston biz uchun alohida jozibador yo‘nalish. Mijozlarimiz mamlakatning boy tarixi va serqirra madaniyatiga katta qiziqish bildirmoqda. Venadagi elchixona bilan hamkorlikning mustahkam asoslari bor. Biz yil davomida turli tadbirlar orqali O‘zbekistonni ommalashtirishni va palov kabi milliy taomlar bilan mehmon qilishni rejalashtirmoqdamiz. To‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ham sayyohlar uchun katta qulaylik yaratadi.
Bunday tadbirlar orqali avstriyalik sayyohlar orasida O‘zbekistonga qiziqishni yanada oshirish, turistik yo‘nalishlarni kengaytirish va madaniy aloqalarni rivojlantirish maqsad qilingan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi