Ozodbek Nazarbekov: bir-biriga birodar mintaqamiz birlashsa, ulkan va qudratli salohiyatga ega markazga aylanadi
Noyabr 15, 2025. 16:54 • 2 daq
• 171
TOSHKENT, 15-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov "Dunyo" AA uchun intervyusida poytaxtimizda o'tkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari va yangidan qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi haqida fikr bildirdi:

– Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini kuzatib amin bo'ldimki, agar bir-biriga birodar bo'lgan mintaqamiz birlashsa, ulkan va qudratli salohiyatga ega markazga aylanadi.
Qadimdan Markaziy Osiyo ilm-fan, madaniyat, san'at va qadriyatlar ulug'langan mintaqa sifatida qadrlangan. Bugun biz davlatimiz rahbari boshchiligida tarixiy an'ana va tajribalarga suyangan holda buyuk kelajak sari odimlayapmiz. Maslahat uchrashuvlarining tashkil etilishi ham yaqin qo'shnichilik, o'zaro sherikchilik, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga, o'zaro tajriba almashish orqali iqtisodiyotni yanada rivojlantirish zamin yaratadi.
Yurtimizda mehmon bo'lib turgan davlat rahbarlari va yetakchi ekspertlar bag'oyat ulug'vor Islom sivilizatsiyasi markazini ko'rib, hayratini yashira olmayapti. Qadimgi me'moriy obidalarimiz shaklida bunyod etilgan, noyob milliy gumbaz va peshtoqlar, naqshlarning ajoyib uyg'unligi har qanday kishida unutilmas taassurot uyg'otadi.
Bugungi globallashgan davrda insoniyat madaniy taraqqiyotga ehtiyoj sezmoqda. An'ana va madaniyatning susayishi geosiyosiy beqarorlikni kuchaytirishi mumkin. Shu sababli, iqtisodiy o'sish birlamchi omil sifatida ko'rilsa-da, ajdodlardan qolgan qadriyatlar, o'zaro hurmat, ishonch va insonparvarlik tamoyillari yo'qolmasligi zarur. Islom sivilizatsiyasi markazi aynan shu ezgu maqsadda faoliyat yuritmoqda desak, mubolag'a bo'lmaydi.
Butun dunyoda turli ziddiyat va qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan davrda mamlakatimizning ilg'or tashabbus va g'oyalari, Markaziy Osiyoning ilm-fan va ma'rifat markazi sifatidagi o'rnini yana-da mustahkamlash yo'lidagi sa'y-harakatlari dunyo hamjamiyatida katta qiziqish uyg'otayapti, keng jamoatchilik tomonidan alohida e'tirof etilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari yurtimizda tashkil etilishi hamda Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi ilg'or tashabbuslar O'zbekistonda ma'naviy uyg'onish davri hukm surayotganining yorqin ifodasidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Stefan Krayevskiy: O‘zbekiston Polshaning Markaziy Osiyodagi asosiy hamkori
Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo: muhim strategik loyihalar amalga oshirilmoqda