Logo

Arab OAV: O‘zbek–yapon xalqlarini o‘zaro mentalitet, urf-odat va oilaviy qadriyatlar o‘xshashligi bog‘lab turadi

Dekabr 22, 2025. 10:28 • 3 daq

145
Arab OAV: O‘zbek–yapon xalqlarini o‘zaro mentalitet, urf-odat va oilaviy qadriyatlar o‘xshashligi bog‘lab turadi
Arab OAV: O‘zbek–yapon xalqlarini o‘zaro mentalitet, urf-odat va oilaviy qadriyatlar o‘xshashligi bog‘lab turadi
Arab OAV: O‘zbek–yapon xalqlarini o‘zaro mentalitet, urf-odat va oilaviy qadriyatlar o‘xshashligi bog‘lab turadi
Arab OAV: O‘zbek–yapon xalqlarini o‘zaro mentalitet, urf-odat va oilaviy qadriyatlar o‘xshashligi bog‘lab turadi
Arab OAV: O‘zbek–yapon xalqlarini o‘zaro mentalitet, urf-odat va oilaviy qadriyatlar o‘xshashligi bog‘lab turadi

AR-RIYOZ, 22-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi hamda tashrif doirasida tashkil etilgan turli uchrashuvlar haqida jahondagi yetakchi OAVda ko‘plab materiallar eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, Saudiya Arabistonining “Sahm News”, “Wrkaa News”, “Al Harir”, Iroqning “Agnaden”, Yamanning “Hadramawt” elektron va bosma nashrlarida ham bir qancha maqolalar chop etildi.

Materiallarda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston yetakchisining ilk uchrashuvi Yaponiya imperatori Naruxito bilan ko‘rishishdan boshlangan.

Yaponiya imperatori davlatimiz rahbarini samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston Prezidentining bu galgi tashrifi O‘zbekiston – Yaponiya do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash yo‘lidagi muhim voqea ekanini taʼkidladi.

Mamlakatimiz Prezidenti imperator Naruxitoga chuqur hurmat-ehtiromini bildirib, Yangi O‘zbekistondagi ortga qaytmas islohotlarni izchil qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik izhor etdi.

Berilgan maqolalarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tokioda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitidagi ishtiroki bo‘yicha ham atroflicha maʼlumot berilgan.

Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashgan.

Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya o‘rtasida “yashil iqtisodiyot” va barqaror rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, inson resurslarini rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilingan.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida bundan 20 yil muqaddam aynan kunchiqar yurt ilk bor “Markaziy Osiyo plyus” muloqotining tashabbuskori bo‘lganini qayd etdi. Buyuk ipak yo‘li davridan rivojlana boshlagan yaqin savdo va madaniy aloqalar, o‘xshash anʼana va urf-odatlar, maʼnaviy, madaniy va oilaviy qadriyatlar Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asos hisoblanadi.

Manbalarda bildirilishicha, o‘zbek va yapon xalqlari geografik jihatdan bir-biridan olis bo‘lishiga qaramay, ularni mentalitetlar, urf-odatlar va oilaviy qadriyatlar o‘xshashligi, ildizlari Buyuk Ipak yo‘li davriga borib taqaladigan ko‘p asrlik tarixiy aloqalar bog‘lab turadi. Ikki tomonlama hamkorlik, ayniqsa, taʼlim va kadrlar tayyorlash hamda madaniy-gumanitar almashinuvlar sohasida izchil kengayib bormoqda. Bugungi kunga qadar 3 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassislar Yaponiyada amaliyot o‘tadi, 440 nafardan ziyodi esa stipendiya asosida oliy maʼlumotga ega bo‘ldi. O‘zbekistondagi 7 ta universitetda yapon tili o‘qitilmoqda.

Joriy tashrif doirasida Tokioda O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Kelgusi yili Yaponiyaning bir nechta shaharlarida O‘zbekiston madaniyati va tarixiga bag‘ishlangan arxeologik ko‘rgazma tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Eʼlon qilingan maqolalarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari, moliya institutlari va biznes uyushmalari rahbarlari bilan uchrashuvi haqida batafsil to‘xtalib o‘tilgan.

Jumladan, tashkil etilgan uchrashuvlarda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Ryosey Akazava, “Sojitz”, “Sumitomo”, “Toyota”, “ITOCHU”, “Mitsubishi”, “Marubeni”, “Daito Trust Construction”, “NEC”, “SBI Holdings”, “Ajinomoto”, “Japan Tobacco”, “Hitachi”, “Mitsui”, “Balcom”, “NEC”, “Eurus Energy”, “Chubu Electric Power”, “Shikoku Electric”, “Shimizu”, “Hankyu Travel International” kabi nufuzli kompaniya rahbarlari bilan fikr-mulohaza almashilgan.

Shuningdek, Yaponiya metall va energetika sohasida xavfsizlik tashkiloti (JOGMEC), Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Yaponiya eksport va investitsiyalarni sug‘urtalash kompaniyasi (NEXI), Yaponiya tashqi savdo tashkiloti (JETRO), Yaponiya MDH mamlakatlari bilan savdo bo‘yicha assotsiatsiyasi (ROTOBO), “Norinchukin” va “SBI Shinsei” banklari, Yaponiya sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi kabi yirik korporatsiyalar va moliya institutlarining top-menejerlari bilan ham tegishli masalalar bo‘yicha muloqot qilingan.

Davlatimiz rahbari Yaponiya ishbilarmonlarini sanoatlashuvni tezlashtirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish jarayonlarida faol ishtirok etishga taklif qildi. Shu maʼnoda, Yaponiya ishbilarmon doiralari bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish