Logo

“Daily News Hungary”: O‘zbekistonda har bir fuqaro Asosiy qonunga tayanib, o‘zining ertangi kunga, Vatanimizning adolatli va barqaror rivojlanishiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi

Dekabr 08, 2025. 14:49 • 2 daq

100
“Daily News Hungary”: O‘zbekistonda har bir fuqaro Asosiy qonunga tayanib, o‘zining ertangi kunga, Vatanimizning adolatli va barqaror rivojlanishiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi

BUDAPESHT, 11-dekabr. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning nufuzli “Daily News Hungary” nashrida “Bosh qomus – O‘zbekistonning ishonch, barqarorlik va kelajak poydevori” nomli maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni sifatida keng nishonlandi. Ushbu kun mamlakatning zamonaviy tarixida alohida o‘rin tutadi. Chunki aynan 1992-yilda qabul qilingan Konstitutsiya mustaqillik, huquqiy targ‘ibot va davlatning demokratik rivojlanishining fundamental asosiga aylandi. Bosh qomus yosh respublikaning shakllanish yo‘nalishini, davlat tuzilishining asosiy tamoyillarini belgiladi, ochiq, tinchliksevar va insonparvar jamiyat qurish yo‘llarini ko‘rsatib berdi.

Konstitutsiya – suveren O‘zbekistonni shakllantirishning meʼyoriy-huquqiy asoslarini taʼminlovchi asosiy hujjatdir. Unda demokratik tamoyillar, qonun ustuvorligi, inson huquqlari va shaxs erkinligini hurmat qilish asosida davlatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy modeli mustahkamlab qo‘yildi.

“Jamiyatning jadal rivojlanishi, fuqarolarning o‘sib borayotgan talablari va zamonaviy demokratik standartlarni joriy etish zarurati Konstitutsiyani tubdan yangilashning zaruriy shartiga aylandi. Yangi O‘zbekistonning shakllanish davri, deb nom olgan mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichi siyosiy, ijtimoiy va huquqiy kafolatlarni sezilarli darajada kengaytirishni talab qildi. Aynan shu maʼnoda, 2023-yilda O‘zbekistonda keng ko‘lamli konstitutsiyaviy islohot amalga oshirildi”, – deb yozadi Vengriya nashri.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani tayyorlash jarayoni ham keng xalq muhokamasi tarzida kechdi. Fuqarolardan jami 222 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi, bu jamoatchilik ishtirokining misli ko‘rilmagan darajasi bo‘ldi. Tashkil etilgan komissiyalar va ekspert guruhlari aholi tashabbuslarini batafsil o‘rganib, ulardan eng talabgor va dolzarblarini yangi matnga kiritdi. Bu jarayon O‘zbekiston Konstitutsiyasi tom maʼnoda xalqchil jamiyatning bevosita ishtirokida yaratilgan hujjat ekanining yaqqol isboti bo‘ldi.

“Bugungi kunda O‘zbekiston modernizatsiya, davlat boshqaruvini takomillashtirish, huquq va erkinliklarni mustahkamlash, inson taraqqiyoti va iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish yo‘lidan dadil bormoqda. Yangilangan Konstitutsiya bu yo‘lning bardavomligini taʼminlab, davlat va jamiyat uchun muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Har bir fuqaro Asosiy qonunga tayanib, o‘zining ertangi kunga, Vatanimizning adolatli va barqaror rivojlanishiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi”, – deya xulosa qilingan maqolada.

Default Avatar

Material muallifi

Dildora Azimova

dildora@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish