Logo

Halle shahrida mehnat migratsiyasi masalasida uchrashuv bo'lib o'tdi

Noyabr 25, 2025. 12:08 • 2 daq

48
Halle shahrida mehnat migratsiyasi masalasida uchrashuv bo'lib o'tdi

HALLE, 25-noyabr. /"Dunyo" AA/. Saksoniya-Anhalt federal o'lkasining Halle shahrida "GP Günter Papenburg" kompaniyasi direktori Angela Papenburg bilan uchrashuv o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda iqtisodiy va sug'urta kompaniyalari, Federal mehnat agentligi, savdo-sanoat palatalari, migratsiya masalalari bo'yicha mas'ul idoralar vakillari ishtirok etdi.

Muloqot jarayonida O'zbekistonning Saksoniya-Anxalt hamda Quyi Saksoniya federal o'lkalari bo'yicha faxriy konsuli Angela Papenburg mamlakatimiz bilan muvaffaqiyatli kechayotgan hamkorlik aloqalari haqida batafsil to'xtalib o'tdi. Bu borada malakali mutaxassislarni kasbga tayyorlash bo'yicha o'z tajribalari bilan bo'lishib, tegishli tavsiyalar berdi.

Shuningdek, u joriy yilda nemis kompaniyalari vakillaridan iborat iqtisodiy delegatsiyaning mamlakatimizga amalga oshirgan tashrifi tafsilotlari hamda shu yil oktyabr oyida Toshkentda bo'lib o'tgan "BerufsEXPO – 2025" ko'rgazmasidagi faol ishtiroki haqida ham so'z yuritdi.

Elchixona vakillari yurtimizda hukumatimiz tomonidan migratsiya va kasbiy ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, yoshlarning til va kasbiy tayyorgarligi bo'yicha yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar to'g'risida ma'lumot berdi.

Ishtirokchilar uchun "O'zbekistondan malakali ishchilarni kasbiy ta'lim va ishga jalb qilish", "Universitetlararo hamkorlik", "Sanoat sohasida hamkorlik", "Birodar shaharlar hamkorligini yo'lga qo'yish" kabi mavzularida guruhlarga bo'lingan holda seminarlar tashkil etildi.

O'zbekistonning faxriy konsuli 2026–2028-yillarda Andijon shahrida Germaniyada kasbiy ta'lim olish va ishlash istagida bo'lgan talabgorlar uchun trening markazi ochishni maqsad qilganini ma'lum qildi. Shuningdek, 2026-yilda farmatsevtika sohasi bo'yicha nemis kompaniyalari vakillarining O'zbekistonga tashrifi rejalashtirilayotgani ta'kidladi.

Tadbir mehnat migratsiyasi sohasida mamlakatimiz bilan hamkorlik qilish istagida bo'lgan nemis kompaniyalari uchun platforma vazifasini o'tadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish