Logo

“Eureflect”: Islom sivilizatsiyasi markazi o‘tmish va kelajakni bog‘lovchi ko‘prikdir

Mart 17, 2026. 15:20 • 2 daq

159
“Eureflect”: Islom sivilizatsiyasi markazi o‘tmish va kelajakni bog‘lovchi ko‘prikdir

BRYUSSEL, 22-mart. /“Dunyo” AA/. Yevropaning nufuzli “Eureflect” axborot-tahlil portalida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, O‘zbekiston o‘z tarixidagi yangi davr – Uchinchi Renessans poydevorini yaratmoqda. Bu jarayonda Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi alohida o‘rin tutadi. Nashr ushbu majmuani shunchaki meʼmoriy obida emas, balki mamlakatning intellektual va maʼnaviy tiklanishini ifodalovchi strategik loyiha sifatida taʼriflagan.

Yevropa nashri Markaz tarkibidagi noyob bo‘limlarga – boy kutubxona, qo‘lyozmalar fondi, zamonaviy muzey ekspozitsiyalari va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalariga yuqori baho bergan. Ayniqsa, Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan Buxoriy, Termiziy, Xorazmiy va Ibn Sino kabi buyuk allomalarning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasini o‘rganish va targ‘ib qilish borasidagi tizimli ishlar xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Shuningdek, maqolada Markazning xalqaro muloqot maydoniga aylanayotgani, uning YUNESKO va IHT kabi tashkilotlar bilan yaqin hamkorligi taʼkidlangan.

“Islom sivilizatsiyasi markazi – bu o‘tmish va kelajakni bog‘lovchi ko‘prik bo‘lib, u O‘zbekistonning nafaqat mintaqada, balki butun musulmon olamida madaniy va intellektual yetakchilikka qaytayotganining ramzidir”, deb yozadi “Eureflect”.

Nashr xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston ushbu markaz orqali islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini namoyish etmoqda va radikallashuvga qarshi “maʼrifat bilan kurashish” modelini dunyoga taqdim etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish