“Asdaa Oman” gazetasi: So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonning eksportdan tushadigan daromadi ikki karra ko‘paydi
Yanvar 08, 2026. 08:15 • 3 daq
• 94
MASKAT, 9-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘mon Sultonligining “Asdaa Oman” gazetasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Gazetada muallif O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlis va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasi o‘z ahamiyatiga ko‘ra har yilgi murojaatdan siyosiy jihatdan ancha keng bo‘lganini taʼkidlagan.
Nashrda qayd etilishicha, so‘nggi o‘n yillikda O‘zbekiston iqtisodiyoti sifatli va tizimli yangilanishning jadal yo‘lini bosib o‘tdi. 2010-yillarning o‘rtalarida O‘zbekiston YIMning nominal hajmi 60-65 milliard dollar atrofida bo‘lgan, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich Murojaatnomada taʼkidlanganidek, 145 milliard dollarga yetdi.
Iqtisodiyotning o‘rtacha yillik o‘sish surʼati barqaror ravishda 6 foiz atrofida saqlanib kelmoqda. Bu nafaqat ijobiy dinamikaning davom etayotganini, balki iqtisodiyotning tashqi zarbalar — pandemiya, xomashyo va logistika zanjiridagi uzilishlar hamda global inflyatsiya sharoitida ham barqaror o‘sish qobiliyatiga ega ekanini anglatadi.
Ushbu xulosani sanoat ko‘rsatkichlari ham tasdiqlaydi. 2010-yillarning avvalida sanoat xomashyo va qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga nisbatan yordamchi o‘rinda turgan bo‘lsa, keyingi o‘n yilda sanoat ishlab chiqarish hajmi ikki baravardan ko‘proq o‘sdi. Bugun mashinasozlik, elektrotexnika va kimyo sanoati mamlakat iqtisodiyotiga barqaror hissa qo‘shmoqda. Qayta ishlash tarmoqlarining yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushi esa 80 foizdan oshdi.
Agrar sektorning rivojlanish dinamikasi ham diqqatga sazovor. O‘n yil avval asosiy eʼtibor ishlab chiqarish hajmiga qaratilgan bo‘lsa, bugun ustuvorlik mahsulotni qayta ishlash va tayyor mahsulotni eksport qilishga yo‘naltirildi. Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmining oshishi va oziq-ovqat mahsulotlari eksportining kengayishi hosildorlik va narxlarning o‘zgarishiga bog‘liqlikni kamaytirib, yana-da barqaror rivojlanish modelini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Investitsiyalar dinamikasi ham sifat o‘zgarishlarini o‘zida aks ettiradi. So‘nggi yillarda asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi yuqori surʼatda o‘smoqda va o‘tgan davrdagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ancha yuqori darajaga yetdi. 2010-yillarning boshida esa bu ko‘rsatkich ancha past edi. Shu bilan birga, investitsiyalarning tabiati ham o‘zgardi: agar ilgari ular asosan infratuzilma va davlat loyihalarida jamlangan bo‘lsa, bugun ularning katta qismi sanoat, energetika, transport va raqamli yechimlarga yo‘naltirilmoqda. Yaʼni investitsiyalar nafaqat joriy o‘sishga, balki kelajakdagi ishlab chiqarish bazasini shakllantirishga ham xizmat qila boshladi.
Tashqi savdo dinamikasi bu manzarani yanada yaqqol aks ettiradi. Keyingi o‘n yilda O‘zbekistonning eksportdan tushadigan daromadi ikki barobardan ortiq ko‘paydi: 2010-yillarning o‘rtalarida tovarlar va xizmatlar eksporti hajmi 12-13 milliard dollar atrofida bo‘lgan, so‘nggi yillarda esa bu ko‘rsatkich barqaror ravishda 24-25 milliard dollardan oshmoqda. Bu o‘sish nafaqat narx konyunkturasi tufayli, balki eksport tarkibining o‘zgarishi hisobiga ham yuz berdi.
Makroiqtisodiy muvozanat alohida eʼtiborga loyiq. Iqtisodiyot va investitsiyalarning o‘sishi davlat qarzining nazorat qilinadigan darajasi va moliyaviy barqarorlik saqlanib qolgan holda kechdi. Bu juda muhim. Chunki so‘nggi yillar tajribasi tegishli muvozanatsiz jadal o‘sish ko‘pincha kelajakdagi rivojlanish uchun cheklovlar to‘planishiga olib kelishini ko‘rsatadi. Murojaatnomada taʼkidlanishicha, O‘zbekiston ongli ravishda ehtiyotkorona, ammo strategik jihatdan manfaatli yo‘nalishni tanlab olgan.
Umuman olganda, Prezidentning parlamentga Murojaatnomasi nafaqat islohotlarning navbatdagi bosqichi kun tartibini, balki O‘zbekistonning kelajakdagi rivojlanishining strategik matritsasini shakllantiradi. U yetakchi xalqaro tashkilotlarning empirik maʼlumotlari va baholari bilan mustahkamlangan bo‘lib, ichki konsensusni mustahkamlaydi va xalqaro hamjamiyatning ishonchini kuchaytiradi. Aynan shu jihat uning asosiy ahamiyatini belgilaydi — u islohotlarning barqarorligini taʼminlovchi va mamlakatning uzoq muddatli raqobatbardoshligini belgilab beruvchi muhim hujjat hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi