Turkiyada Amir Temur va temuriylar davri keng o‘rganilmoqda
Fevral 27, 2026. 13:21 • 2 daq
• 129ANQARA, 28-fevral. /“Dunyo” AA/. Turkiyada Amir Temur va temuriylar davri tarixi ilmiy jihatdan uzoq yillardan buyon izchil o‘rganib kelinmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Turk tarixshunosligida XIV–XV asrlar Markaziy Osiyo hamda Anadolu tarixi doirasida tadqiq qilinadi. Ayniqsa, 1402-yil 28-iyulda bo‘lib o‘tgan Anqara jangi Turkiya tarix ilmida alohida o‘rin tutadi. Ushbu jang Amir Temur va Usmoniy sultoni Yildirim Boyazid o‘rtasida kechgan bo‘lib, Usmoniylar davlat tarixida “Inqiroz davri” (1402–1413) boshlangani turk tarixchilari tomonidan keng tahlil qilingan.
Turkiyada Amir Temur va temuriylar merosiga bag‘ishlangan fundamental ilmiy nashrlar davlat akademik muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. Jumladan, Turkiya Fanlar akademiyasi tomonidan 2025-yilda “Amir Temur va uning merosi” nomli ikki tomlik ilmiy to‘plam nashr etildi. Unda Temuriylar davlat boshqaruvi tizimi, harbiy sanʼati, diplomatik munosabatlari, ilm-fan va madaniyat sohasidagi merosi atroflicha yoritilgan.
Turk tarix jamiyati tomonidan Temur va temuriylar davriga bag‘ishlangan qator ilmiy asarlar chop etilgan. Xususan, turk tarixchisi Ismoil Aka tomonidan yozilgan “Temur va uning davlati” hamda “Temuriylar” asarlari Turkiyada asosiy ilmiy manbalardan biri hisoblanadi.
XX asr turk tarixshunosligida Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha yirik olimlardan biri Ahmad Zaki Validi Tog‘an ham Temuriylar tarixi va manbashunosligi bo‘yicha muhim ilmiy qarashlarni ilgari surgan. Uning asarlari hozirgacha turk akademik muhitida ilmiy manba sifatida qo‘llanilib kelinmoqda.
Turkiya universitetlarida ham Amir Temur mavzusida magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan. Jumladan, Anqara, Hajiteppe va Istanbul universitetlarida Temuriylar tashqi siyosati, diniy siyosat, Boburiylar manbalarida Temur obrazi hamda Temuriylar madaniyatiga oid tadqiqotlar amalga oshirilgan.
Ilmiy maqolalar asosan Turkiyaning milliy akademik platformasi — “DergiPark” akademik platformasi orqali chop etilmoqda. Ushbu platformada “Amir Temurning mazhab siyosati”, “Temuriylar davlati tarixi bo‘yicha Turkiyada amalga oshirilgan tadqiqotlar bibliografiyasi”, “Boburiylar manbalarida Temur obrazi” kabi maqolalar joylashtirilgan.
Shu bilan birga, Turkiya milliy kutubxonasi fondida “Temur”, “Temuriylar”, “Temurlang” kalit so‘zlari asosida yuzlab kitoblar, dissertatsiyalar va ilmiy tadqiqotlar saqlanmoqda.
Turkiyada Amir Temur va temuriylar davri tarixi XIV–XV asrlar Anadolu va Markaziy Osiyo munosabatlari doirasida keng va tizimli ravishda o‘rganilgan. Davlat akademiyalari, ilmiy jamiyatlar, universitetlar va milliy kutubxonalarda mazkur mavzuga oid salmoqli ilmiy meros shakllangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



