Logo

IHMM va BMTTD o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Dekabr 10, 2025. 19:17 • 2 daq

86
IHMM va BMTTD o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

TOSHKENT, 10-dekabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi va BMT Taraqqiyot dasturi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Hujjatni imzolash marosimi Inson huquqlari uyida Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbir doirasida bo‘lib o‘tdi.

Memorandumni BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD)ning mamlakatimizdagi doimiy vakili Akiko Fudzii va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov imzoladi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikning umumiy maqsadi shaffoflik va hisobdorlikni oshirish hamda inson huquqlariga hurmat bilan yondashgan holda biznes yuritish amaliyotini joriy etishga qaratilgan asosiy islohotlarni amalga oshirishga ko‘maklashishdan iborat ekanini qayd etdi. Bu, o‘z navbatida, yanada inklyuziv, barqaror va xalqaro miqyosda raqobatbardosh tadbirkorlik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

Ushbu memorandum qashshoqlik va tengsizlikka qarshi kurashishdan tortib, sifatli taʼlimni taʼminlash, gender tenglikni rivojlantirish, barqaror institutlarni mustahkamlash, odil sudlovga teng va adolatli erishish kabi ustuvor yo‘nalishlarda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning aniq mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan.

O‘zbekiston tomoni BMTTDga milliy barqaror rivojlanish maqsadlari sharhlari va hisobotlarini tayyorlashda ko‘rsatilgan amaliy yordam, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va inson huquqlariga rioya etish o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni aniq aks ettirishdagi ko‘magi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Dunyoning qariyb 170 mamlakatida global mavjudlikka ega bo‘lgan BMTTD ko‘p jihatdan BMTning mamlakat darajasidagi operativ bo‘linmasi vazifasini bajaradi. BMTTD barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, qashshoqlikni tugatish, ayollar huquqlarini ilgari surish va imkoniyatlarini kengaytirish, oqilona boshqaruv va qonun ustuvorligini mustahkamlash maqsadida ko‘plab mamlakatlar bilan hamkorlikda ish olib boradi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish