Logo

Yangi muntazam aviareys Namangan va Dehli shaharlarini o‘zaro bog‘ladi

Aprel 04, 2026. 11:00 • 3 daq

90
Yangi muntazam aviareys Namangan va Dehli shaharlarini o‘zaro bog‘ladi

DEHLI, 4-aprel. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 3-aprel kuni «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi Namangan–Dehli–Namangan yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam reyslarni amalga oshirishga kirishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Birinchi HY-9431 reysi juma kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:15 da Dehlidagi Indira Gandi nomidagi xalqaro aeroportga yetib keldi. HY-9432 reysi esa soat 13:45 da Farg‘ona vodiysi tomon havoga ko‘tarildi.

Yangi aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan HY-9432 reysiga ro‘yxatdan o‘tish maydonchasi bayramona bezatildi. Birinchi reys yo‘lovchilariga sovg‘alar va shirinliklar topshirildi. Aviakompaniya vakillarining maʼlum qilishicha, ilk reys uchun chiptalar uchish sanasidan ancha oldin to‘liq sotib bo‘lingan.

- Bugungi reys to‘liq band qilindi va 178 nafar kishi Namanganga yo‘l oldi, - deydi «Uzbekistan Airways» hamkori, «Aero World Travels» kompaniyasi rahbari Ajay Arya (Hindiston). - Bu juda quvonchli voqea bo‘ldi. O‘zbekistonlik hamkasblarimni yangi parvoz yo‘nalishi bilan tabriklayman. Shuningdek, Hindistonda O‘zbekistonga sayohat qilish juda ommabop ekanini, biz parvozlar geografiyasini kengaytirishimiz, xususan, Samarqand va boshqa tarixiy shaharlarga yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirishimiz zarurligini taʼkidlamoqchiman.

Namangan O‘zbekistonning Dehli bilan havo ko‘prigi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘langan birinchi viloyat markaziga aylandi. O‘zbekiston aviatsiya maʼmurlari mamlakatimizning boshqa hududlaridan ham Hindistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.

- Ushbu yo‘nalish biz, Farg‘ona vodiysi aholisi uchun Hindistonga uchishda qulay imkoniyatlar yaratdi, - dedi yo‘lovchi Muhabbat Rahimova. - Ilgari Toshkentdagi xalqaro aeroportga yetib borish uchun 5–6 soat vaqt sarflashimiz kerak edi. Bugun farzandlarimiz bizni Namanganda kutishmoqda va ushbu shahar aeroportiga qo‘nganimizdan yarim soat o‘tib, uyda, oilamiz davrasida bo‘lamiz. Buning uchun juda minnatdormiz.

Hozirgi vaqtda «Uzbekistan Airways»dan tashqari Toshkentdan Dehliga «Centrum Air» kompaniyasi ham reyslarni amalga oshirmoqda, «Qanot Sharq» kompaniyasi tomonidan ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida parvozlarni boshlanishi kutilmoqda. Shu tariqa, davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekistondan xalqaro parvozlar geografiyasini kengaytirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarning izchil ijrosi taʼminlanmoqda.

- Men yangi aviayo‘nalish ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan bunday yorqin tadbirda ilk bor ishtirok etdim, - deb taʼkidladi rossiyalik yo‘lovchi Dmitriy Maysko. - Yangi yo‘nalish xalqaro yo‘lovchilar orasida ommabop bo‘lishiga ishonchimiz komil.

- Mazkur qatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi, avvalo, mamlakatimiz rahbariyatining turizm sohasini rivojlantirishga qaratayotgan katta eʼtiboridan dalolat beradi, - dedi “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi matbuot kotibi Qizlarxon Begmatova. - Aholi uchun qulay imkoniyatlarni yaratish, uzoq manzillarni yaqin qilish, yangi qulay aviayo‘nalishlarni o‘zlashtirish maqsadiga qaratilgan saʼy-harakatlar davom ettirilmoqda.

Yangi reys ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik almashinuv o‘sishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochmoqda. O‘tgan yili O‘zbekistonga 80 mingdan ortiq hindistonlik sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich birinchi marta 100 ming kishiga yetishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish