Logo

“Otra Lectura”: Yangilanayotgan strategiyada Yangi O‘zbekistonni barpo etishning ustuvor maqsad va mexanizmlari jamlangan

Yanvar 14, 2026. 15:05 • 2 daq

313
“Otra Lectura”: Yangilanayotgan strategiyada Yangi O‘zbekistonni barpo etishning ustuvor maqsad va mexanizmlari jamlangan

MADRID, 16-yanvar. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning nufuzli “Otra Lectura” tahliliy yangiliklar portalida takomillashtirilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materialda yozilishicha, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatning o‘rta va uzoq muddatli taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim dasturiy hujjat hisoblanadi. Unda islohotlarning umumiy mantig‘i, Yangi O‘zbekistonni barpo etishning ustuvor maqsadlari va amaliy mexanizmlari jamlangan.

“Mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, davlat boshqaruvi, inson huquqlarini taʼminlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida salmoqli natijalarga erishildi. Bu jarayonda albatta “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi muhim manba bo‘lib xizmat qildi. Biroq jamiyat hayoti va global jarayonlar doimiy ravishda yangilanib bormoqda. Yangi iqtisodiy sharoitlar, texnologik o‘zgarishlar va xalqaro maydondagi dinamika davlat siyosati oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Shu bois, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini mavjud real sharoit, aholi ehtiyojlari hamda zamon talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish zarurati yuzaga kelgan”, deya fikr bildirilgan “Orta Lectura”da.

Takomillashayotgan strategiyaning markazida davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan asosiy g‘oya – “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil turadi. Yangi tahrirda strategiya ushbu g‘oyani amaliy mazmun bilan boyitib, mamlakat rivojlanishini yanada samarali, natijaga yo‘naltirilgan va hisobdor tizim asosida davom ettirishni ko‘zlaydi.

Maqolada taʼkidlanishicha, strategiyani takomillashtirish jarayonida uning doirasida erishilgan natijalar chuqur tahlil qilinib, mavjud muammolar inobatga olinmoqda. Shu bilan birga, maqsadlarga erishishni aniq o‘lchash imkonini beruvchi samaradorlik ko‘rsatkichlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Har bir aniq maqsad uchun masʼul davlat organi belgilanib, zarur moliyaviy manbalar ochiq ko‘rsatilishi strategiya ijrosida javobgarlik va hisobdorlikni kuchaytiradi.

Yana bir muhim jihat – strategiyaning har bir fuqaro uchun tushunarli va hayotiy bo‘lishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi shunday shakllantirilmoqdaki, har bir inson undan o‘z hayoti, oilasi va farzandlari kelajagi uchun qanday amaliy foyda borligini ko‘ra olsin. Yaʼni strategiya umumiy shiorlar emas, balki kundalik hayotda seziladigan aniq o‘zgarishlar manbai bo‘lishi lozim.

Strategiyada belgilangan o‘rta muddatli maqsadlarning samaradorlik ko‘rsatkichlari yangi iqtisodiy, ijtimoiy va texnologik chaqiriqlarga mos ravishda yangilanmoqda. Shuningdek, ijroni monitoring qilish tizimini to‘liq raqamlashtirish orqali shaffoflikni taʼminlash, qaror qabul qilishda aniq maʼlumotlarga tayanish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilinayotgan barcha strategik hujjatlarni “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bilan uyg‘unlashtirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Bu davlat siyosatining yaxlitligi va natijaviyligini taʼminlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish