Logo

“The Gulf Observer”: O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi 2030-yilga borib qariyb 1 million donaga yetkaziladi

Yanvar 14, 2026. 10:13 • 2 daq

217
“The Gulf Observer”: O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi 2030-yilga borib qariyb 1 million donaga yetkaziladi

ISLOMOBOD, 14-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Gulf Observer” elektron nashrida “O‘zbekiston 2030-yilgacha yengil avtomobillar ishlab chiqarishni keskin oshirishni maqsad qilgan” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi kelgusi besh yil ichida ikki barobardan ortiqqa oshishi kutilmoqda, – deb yozadi nashr. – Bu maqsad “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining qayta ko‘rib chiqilgan loyiha versiyasida belgilab qo‘yilgan. Strategiyaga ko‘ra, mamlakatda yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi 2026-yilda 460 ming dona, 2027-yilda 550 ming dona va 2028-yilda 700 ming donani tashkil etishi rejalashtirilgan. 2029-yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 800 ming donaning ustiga chiqishi, 2030-yilga borib esa qariyb 1 million donaga yetishi nazarda tutilmoqda”.

Manbada xabar qilinishicha, 2025-yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonda 419 338 dona yengil avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lib, oyiga o‘rtacha 38 121 donani tashkil etdi. Shunga qaramasdan, 11 oylik ko‘rsatkichning o‘ziyoq 2024-yil davomida ishlab chiqarilgan 399 327 dona avtomobil hajmidan oshib ketdi.

2025-yilning 11 oyi davomida “UzAuto Motors” mamlakat avtomobilsozlik sanoatidagi eng katta ulushni saqlab qoldi, biroq kompaniya Tracker modelidan tashqari deyarli barcha modellar bo‘yicha ishlab chiqarish hajmini qisqartirdi.

“Eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi BYD kompaniyasida qayd etildi: agar u 2024-yilning dastlabki 11 oyida 2 198 ta avtomobil ishlab chiqargan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 17 510 tagacha oshdi. Natijada, bir yil ichida ishlab chiqarish hajmi qariyb sakkiz barobarga ko‘paydi. Shuningdek, Kia, Chery va Haval kompaniyalari ham ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirdi”, – deb yozilgan “The Gulf Observer” maqolasida.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish