Logo

Li Szigo: 2025-yil O‘zbekiston–Xitoy munosabatlarida muhim davr bo‘ldi

Dekabr 31, 2025. 11:16 • 3 daq

239
Li Szigo: 2025-yil O‘zbekiston–Xitoy munosabatlarida muhim davr bo‘ldi

Pekin, 26-dekabr. /“Dunyo” AA/. XXR Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xitoy Xalqaro muammolar akademiyasi Yevroosiyo instituti direktori Li Szigo o‘zbek xalqini kirib kelayotgan yangi yil bilan tabrikladi:

­­ – 2025-yil O‘zbekiston–Xitoy munosabatlarida muhim davr bo‘ldi. Bu yil Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning va BMT tashkil etilganining 80 yilligi nishonlandi. Xalqaro hamjamiyat chuqur o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda, Yevroosiyo mintaqasidagi umumiy vaziyat tobora yaxshilanib bormoqda. O‘zbekiston Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegaralar to‘g‘risidagi davlatlararo shartnomalarni imzoladi, Ozarbayjon va Armaniston esa Kavkazda tinchlik shartnomasi loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Shunday qilib, mintaqani rivojlantirish uchun tashqi muhit asta-sekin yaxshilanib, barcha mamlakatlar uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.

O‘zbekiston uchun 2025-yil mamlakatni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi doirasidagi muhim bosqich bo‘lib, uning o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi o‘tish davri sifatidagi roli, ayniqsa, yaqqol namoyon bo‘ladi.

O‘zbekiston ijtimoiy islohotlar va davlat boshqaruvi sohasida yuksak natijalarga erishdi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ko‘plab maqsadlar qatorida taʼlim, ijtimoiy taʼminot va boshqa sohalarda sezilarli yutuqlarga erishildi.

Iqtisodiy nuqtai nazardan natijalar hayratlanarli – 2025-yil yanvar–sentyabr oylarida yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 7,6 foizni tashkil etdi. Bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.

O‘zbekistonga qilgan ko‘plab safarlarim davomida shunga shaxsan amin bo‘ldimki, rivojlanish natijalari haqiqatan ham odamlarga foyda keltira boshladi. Ko‘chalarda avtomobillar ko‘payib bormoqda, isteʼmol tovarlari bozori faollashmoqda, aholining umumiy psixologik holati va baxt darajasi muttasil oshib bormoqda.

2025-yil ham Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama strategik sherik sifatidagi munosabatlarni chuqurlashtirishda muhim bosqich bo‘ldi.

Mamlakatlarimiz ikki muhim sammit doirasida yuqori darajadagi faol muloqotlarni o‘tkazdi: iyun oyida “Xitoy–Markaziy Osiyo” formatida Rais Si Szinpin va Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlik yuzasidan atroflicha fikr almashdi.

Sentyabr oyida Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyanszin sammitida tomonlar birgalikda “Tyanszin deklaratsiyasi”ning imzolanishi va ko‘p qirrali hamkorlik va Xitoy–O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirish yo‘nalishini belgilab bergan ShHTning 2035-yilgacha bo‘lgan o‘rta muddatli rivojlanish strategiyasining rasman tasdiqlanishiga guvoh bo‘ldi.

Iqtisodiy va savdo hamkorligi yangi marralarni zabt etdi. 2025-yilning yanvar–sentyabr oylarida tovar ayirboshlash hajmi 11,4 milliard dollarni, Xitoyning O‘zbekiston umumiy tashqi savdosidagi ulushi 19,2 foizni tashkil etib, asosiy savdo hamkori va asosiy investitsiya manbai maqomini tasdiqladi.

2025-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 17 ming 900 ta xorijiy korxona mavjud bo‘lib, ulardan 4 ming 800 dan ortig‘i Xitoy korxonalari bo‘lib, bu umumiy ko‘rsatkichning 27 foizini tashkil etadi.

Hamkorlikning harakatlantiruvchi kuchi o‘sishda davom etmoqda. “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi jadal rivojlanmoqda. Joriy yilda tegishli hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida loyihada ishtirok etayotgan korxonalar bilan mavjud holat bo‘yicha batafsil maslahatlashdik.

Transport sohasidan tashqari, yangi energetika texnologiyalari va avtomobilsozlik sohalarida ham qator yirik investitsiya loyihalari bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani ikki mamlakat iqtisodiyoti transformatsiyasiga kuchli surʼat bag‘ishlamoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish