Bangkokda Navro‘z bayrami xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamladi
Mart 23, 2026. 15:39 • 2 daq
• 161
BANGKOK, 24-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Tailanddagi elchixonasi tomonidan Navro‘z ayyomi munosabati bilan madaniy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbirda Qozog‘iston va Ozarbayjonning Tailanddagi elchilari, Bangkok shahridagi siyosiy, madaniy va ishbilarmon doira vakillari hamda vatandoshlar qatnashdi.
Diplomatlarimiz tadbir ishtirokchilarini uch ming yillik qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz va ezgu qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan Navro‘z ayyomi hamda butun islom olami uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon hayiti munosabati bilan samimiy muborakbod etdi.
So‘zga chiqqanlar joriy yilda Navro‘z bayramining Ramazon hayiti kunlariga uyg‘un kelgani, uning ma’naviy ahamiyatini yana-da oshirib, bayramga alohida ruh va fayz bag‘ishlaganini ta’kidladi.
Tantanali yig‘ilishning xorijlik ishtirokchilariga Navro‘z va Ramazon hayiti bayramlari tarixi, ularning yurtimizda nishonlanish an’analari va ko‘lami haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, Navro‘z bugungi kunda turli xalq va elatlarni, jumladan, Markaziy Osiyo xalqlarini yana-da jipslashtiruvchi qadimiy bayram hisoblanadi. Markaziy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilishi esa xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik rishtalarining mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Tadbir davomida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi o‘zgarishlar, ularning mazmun-mohiyati va ezgu g‘oyalari haqida to‘xtalib o‘tildi.
Shu bilan birga, yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga xorijdagi vatandoshlar hamda ishbilarmon doira vakillarini faol ishtirok etishga chaqirildi.
Tadbir yakunida xorijiy mehmonlar uchun O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatini aks ettiruvchi taqdimot materiallari namoyish etildi. Ishtirokchilar uchun milliy an’analar asosida bezatilgan bayram dasturxoni yozildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi