Rimdagi Navro‘z bayrami intellektual o‘yinlarga ulanib ketdi
Mart 24, 2026. 17:57 • 2 daq
• 220
RIM, 25-mart. /“Dunyo” AA/. Italiya poytaxtida O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Sapiyensa universiteti talabalari tashabbusi bilan Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Dastlab, 21-mart kuni universitet bosh kampusida “Navro‘z Zakovat Quiz” intellektual o‘yinining bayram turniri o‘tkazildi. Unda 8 ta jamoa, jami 60 nafarga yaqin kishi ishtirok etdi. Musobaqa yakunida “Paradox” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi.
22-mart kuni Rimda 200 nafarga yaqin mehmon qatnashgan Navro‘z bayrami tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar orasida Italiyaning turli shaharlarida tahsil olayotgan talabalar, Yevropaning boshqa mamlakatlaridan kelgan vatandoshlar va xorijlik talabalar ham bor edi.
Mehmonlar palov, somsa, chuchvara va boshqa o‘zbek milliy taomlaridan tatib ko‘rishdi. Italiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan talabalar o‘zbek madaniyati va an’analari bilan yaqindan tanishib, musiqa sadolari ostida milliy raqslarda ishtirok etdi.
Intellektual o‘yinda g‘olib bo‘lgan “Paradox” jamoasi elchixona tomonidan imzolangan maxsus sertifikat va talabalar tomonidan to‘plangan pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi