Tokio teleminorasi Navro‘z bayrami markaziga aylandi
Mart 25, 2026. 09:25 • 2 daq
• 108
TOKIO, 25-mart. /“Dunyo” AA/. Tokio xalqaro sanʼat festivali doirasida O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan madaniy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir Tokio teleminorasi maydonida Yaponiya tashkilotlari, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Qatnashchilar ushbu festival har yili O‘zbekiston va Yaponiya madaniyatlarini yaqinlashtirish, milliy anʼanalarni ommalashtirishga xizmat qilayotganini alohida taʼkidladi.
Tashkilotchilardan biri – “Cultural Sending Promotion Committee” kompaniyasi raisi Tachibana Xaruka festival doirasida har yili O‘zbekiston va Yaponiya musiqa anʼanalari uyg‘unlashgan holda namoyish etilayotganini qayd etdi. U mazkur tadbir orqali O‘zbekistonning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari hamda uch ming yillik tarixga ega Navro‘z bayramining mazmun-mohiyatini yapon jamoatchiligiga keng tanishtirish imkoni yaratilganini eʼtirof etdi.
Dastur doirasida Navro‘z bayramining yangilanish, ezgulik va birdamlikni ifodalovchi ahamiyati, shuningdek, O‘zbekistonda uni nishonlash anʼanalari haqida taqdimot namoyish etildi.
Konsert dasturida “Guliston” raqs ansambli tomonidan milliy raqslar ijro etildi. Shuningdek, turli mamlakatlar ishtirokida xalqaro madaniy parad bo‘lib o‘tdi va unda O‘zbekiston milliy liboslari hamda ramzlari keng namoyish qilindi.
Tadbir mehmonlariga O‘zbekistonning boy turistik salohiyati, so‘nggi yillarda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida maʼlumot berildi. “O‘zbekistonga marhamat” mavzusidagi videoroliklar namoyish qilinib, ishtirokchilarga turistik bukletlar tarqatildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi