O‘zbekiston rasmiy ravishda dunyodagi eng nufuzli metrologiya kelishuviga qo‘shildi
Dekabr 04, 2025. 15:27 • 2 daq
• 189
TOSHKENT, 4-dekabr. /“Dunyo”/. O‘zbekiston Prezidenti “Xalqaro metrik Konvensiyaga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonunni imzoladi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur hujjatning qabul qilinishi O‘zbekistonga rasmiy ravishda dunyodagi eng nufuzli metrologiya kelishuvi – 1875 yilda tuzilgan Xalqaro metrik Konvensiyaning to‘laqonli ishtirokchisiga aylanishiga zamin yaratdi.
Mamlakatimizning ushbu Konvensiyaga qo‘shilishi – Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi (BIPM)ning to‘laqonli aʼzosi maqomini olishi va bu orqali esa mamlakatimizdagi o‘lchashlar birligini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish imkoniga ega bo‘ldi. Qolaversa, bu hujjat Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish jarayonida texnik to‘siqlarni kamaytirish va milliy sifat infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida takomillashtirishda muhim manbaa hisoblanadi.
Bundan tashqari, aʼzolik bizga quyidagi imkoniyatlarni yaratadi:
• O‘zbekistonning xalqaro konsultativ qo‘mitalar (CIPM CCs) va BIPM laboratoriyalari faoliyatida to‘laqonli ishtirok etishi;
• milliy mutaxassislarning BIPM qoshida malaka oshirishi va stajirovkalarda ishtirok etishi;
• xalqaro savdo jarayonlarida texnik to‘siqlarni kamaytirish;
• milliy mahsulotlarning xalqaro bozorda raqobatbardoshligini oshirish;
• investorlar va xalqaro tashkilotlar ishonchini kuchaytirish;
• eksport salohiyatini kengaytirish va sifati xalqaro tasdiqlangan o‘lchov natijalaridan foydalanish;
• O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlarini yaxshilash;
• BIPM barcha yig‘ilishlarida ishtirok etish va ovoz berish huquqiga ega bo‘lish, BIPM saylovlariga nomzod ilgari surish imkoniyati.
Ushbu qonun mamlakatimizda aniq va ishonchli o‘lchash amaliyotini xalqaro mezonlarga mos holda rivojlantirish, metrologiya sohasidagi barqaror o‘sishni taʼminlash hamda O‘zbekistonning global hamjamiyatdagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi