Raqamli mahsulotlar iste'molchilari huquqlarini himoya qilish bo'yicha muhim vazifalar belgilandi
Dekabr 05, 2023. 10:51 • 2 daq
• 645
TOSHKENT, 5-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidentining «Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) iste'molchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari to'g'risida»gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda Dunyo AA muxbiri.

Hujjatga ko'ra, 2024-yil 1-iyuldan boshlab to'lov tizimi operatorlari va to'lov tashkilotlari faqat AJ shaklida tashkil etilishi va faoliyat ko'rsatishi bo'yicha talablar kiritiladi.
To'lov tizimi operatorlari va to'lov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdori: 2024-yil 1-iyuldan boshlab – to'lov tizimi operatorlari uchun 50 milliard so'mni, to'lov tashkilotlari uchun 10 milliard so'mni, 2025-yil 1-iyuldan boshlab esa to'lov tashkilotlari uchun 20 milliard so'mni tashkil etadi.
Qarorga ko'ra, «Milliy banklararo protsessing markazi» MCHJ ustav kapitalidagi davlat ulushi to'liq Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o'tkaziladi.
Shuningdek, Markaziy bankka tijorat banklari, to'lov tizimi operatorlari va to'lov tashkilotlariga bank kartalari bilan bog'liq shubhali (frod) operatsiyalar sodir etilgan taqdirda bank kartalari, bank hisob varaqlari va mobil ilovalardagi hisob varaqlardan foydalanishni 3 kungacha muddatga vaqtincha cheklash to'g'risida majburiy ko'rsatmalar berish vakolati berildi.
Mablag'larni oluvchi tomonidan qimor o'yinlari tashkil etish va o'tkazish faoliyati hamda kapital harakati operatsiyalari amalga oshirilayotganligi to'g'risidagi to'lov tizimining operatsiya kodi yoki boshqa identifikatorlar belgilanganligi haqida ma'lumotlar mavjud bo'lganda, tijorat banklari tomonidan bank kartasi yordamida O'zbekiston tashqarisida joylashgan mablag'larni qabul qiluvchiga transchegaraviy o'tkazish taqiqlanadi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligining murojaatlari asosida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan qonunga xilof ravishda qimor o'yinlarida qatnashish hamda kapital harakati operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beruvchi Internet tarmog'idagi axborot resurslari belgilangan tartibda O'zbekiston qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud bo'lgan Internet tarmog'i reyestriga kiritiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston rasmiy ravishda dunyodagi eng nufuzli metrologiya kelishuviga qo‘shildi
«Prokuratura to'g'risida»gi qonunga o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi