Iqtisodiy ishlarni ko'rib chiqishda apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari sudlari tomonidan ishlarni yangidan ko'rish uchun birinchi instansiya sudlariga yuborish tartibi bekor qilinmoqda
Yanvar 05, 2024. 12:12 • 2 daq
• 991
TOSHKENT, 5 yanvar. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti «Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonunni imzoladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Iqtisodiy ishlarni ko'rib chiqishda apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari sudlari tomonidan ishlarni yangidan ko'rish uchun birinchi instansiya sudlariga yuborish tartibi bekor qilinmoqda. Endilikda ularning zimmasiga ish bo'yicha yakuniy qaror chiqarish mas'uliyati yuklatilmoqda.
Apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko'rilgan ishlar bo'yicha tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlarining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan Qoraqalpog'iston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e'tiboran bir yil ichida beriladi.
Ishni taftish tartibida ko'radigan sud taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ko'rish natijalari bo'yicha:
- hal qiluv qarorini, qarorni o'zgarishsiz qoldirishga;
- hal qiluv qarorini, qarorni to'liq yoki qisman bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga;
- qarorni bekor qilishga va ishni yangidan ko'rish uchun sud hujjati bekor qilingan apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudiga yuborishga;
- hal qiluv qarorini, qarorni o'zgartirishga;
- hal qiluv qarorini to'liq yoki qisman bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga yoxud da'voni to'liq yoki qisman ko'rmasdan qoldirishga;
- ayrim sud hujjatlarini bekor qilishga va ish bo'yicha ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini o'z kuchida qoldirishga;
- hal qiluv qarorini, qarorni bekor qilishga va ish materiallarini sudga taalluqliligiga ko'ra boshqa sudga yuborishga haqli.
Sud xarajatlarini taqsimlash to'g'risidagi masala hal qilinmaganligi yoki noto'g'ri hal qilinganligi sudning hal qiluv qarorini bekor qilish yoki o'zgartirish uchun asos bo'lmaydi. Bunday holda qarorning xulosa qismida sud xarajatlari taqsimlanishi ko'rsatiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston rasmiy ravishda dunyodagi eng nufuzli metrologiya kelishuviga qo‘shildi
«Prokuratura to'g'risida»gi qonunga o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi