Logo

O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar

Yanvar 29, 2026. 23:05 • 2 daq

95
O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar

TOSHKENT, 29-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi yakunlari yuzasidan bugun ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi so‘zining avvalida turkiyalik hamkasbiga ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va kengash doirasidagi samarali muzokaralar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Bugungi kunda Turkiya barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishayotgani va nafaqat musulmon dunyosida, balki global miqyosda ham haqli ravishda yuksak hurmat-eʼtibor qozongani alohida taʼkidlandi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston – Turkiya do‘stlik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘tgan yili o‘zaro savdo hajmi 3 milliard dollardan, qo‘shma korxonalarning soni esa 2,2 mingtadan oshdi, o‘zlashtirilgan investitsiyalarning umumiy hajmi qariyb 10 milliard dollarni tashkil etdi.

Ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga 100 ga yaqin aviaqatnov amalga oshirilmoqda. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida 9 milliard dollarlik loyihalar portfeli shakllantirilgan.

Kengash yig‘ilishlarini muntazam ravishda o‘tkazish, Hukumatlararo komissiya va Strategik rejalashtirish guruhi mexanizmlaridan samarali foydalanish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasidagi o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyoti davom ettiriladi.

Yetakchilar savdo hajmini, shu jumladan Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar turini kengaytirish, ustuvor iqtisodiy tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash orqali 5 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldilar.

Shuningdek, madaniy va gumanitar almashinuvlarni yanada kengaytirishga, xususan, birgalikda teatr va kino haftaliklari, badiiy ko‘rgazmalarni o‘tkazish hamda ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Kengash yig‘ilishi yakunlaridan kelib chiqib, ikki mamlakat hukumatlari tomonidan erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi taʼkidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish