Logo

Ukraina OAV: O'zbekistonda xususiy klinikalarni qo'llab-quvvatlash rivojlantiriladi

Noyabr 22, 2025. 13:49 • 2 daq

36
Ukraina OAV: O'zbekistonda xususiy klinikalarni qo'llab-quvvatlash rivojlantiriladi

KIYEV, 22-noyabr. /"Dunyo" AA/. Ukrainaning "Fixygen.ua" va "Open4Business" nashrlarida O'zbekistondagi tibbiyot va farmatsevtika sohasi rivojiga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolalar Prezident Shavkat Mirziyoyevning sog'liqni saqlash tizimi xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, bildirgan fikr-mulohazalari bilan boshlangan.

Nashrlarning yozishicha, O'zbekistonda ixtisoslashgan markazlarga so'nggi besh yilda 624 ming dollar so'm mablag' berilib, ular minglab eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan.

"Endi 26 ta ixtisoslashgan markaz direktori, viloyat va tuman sog'liqni saqlash tizimi rahbarlari, oilaviy poliklinika mudirlari oyma-oy reja asosida ishlab, muammoli hudud va mahallalarga borib, kasallik sabablarini tahlil qiladi, yechimlar taklif qilib, joylardagi shifokorlarni o'qitadi. Sog'liqni saqlash rahbarlarining kundalik qabuli mahalla darajasida o'tkaziladi va har bir rahbar bemorlarga e'tiborli va tezkor munosabatda bo'lishni ta'minlanadi", – deya Shavkat Mirziyoyev ma'ruzasidan iqtibos keltirgan "Fixygen.ua" nashri.

"Open4Business" nashri e'lon qilgan maqolada keltirilishicha, O'zbekistonda kelgusi o'quv yilidan tibbiyot oliygohlarining bakalavr bosqichida pediatriya va davolash yo'nalishlarini o'z ichiga olgan umumiy tibbiyot fakulteti ochilishi e'lon qilindi. Ularda oilaviy shifokorlik mutaxassisligi bo'yicha rezidentura va magistratura ham yo'lga qo'yiladi. Rezidenturada ta'lim olayotgan talabalar bepul o'qish bilan birga oilaviy shifokor sifatida ishlab maosh oladi. Rezidentura bitiruvchisi oilaviy shifokorlik bo'yicha tor soha diplomi va 150 foizli ustama oladi.

Shuningdek, nashrlar bergan maqolalarda yurtimizda kelgusida ham tibbiyotda xususiy sektorni qo'llab-quvvatlash va ularga qo'shimcha sharoitlarni yaratish davom ettirilishi ta'kidlangan. Xususan, 2026-yildan tibbiy uskuna, jihoz va tez yordam mashinalarini olib kirish bo'yicha imtiyoz 3 yilga uzaytiriladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur maqolalardagi manbalar Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 10-noyabr kuni tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvda bildirgan fikrlari va tashabbuslari asosida bayon etilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish