O‘zbekiston va Hindiston turistik hamkorlikni mustahkamlamoqda

Dekabr 03, 2025. 19:16 • 3 daq

500
O‘zbekiston va Hindiston turistik hamkorlikni mustahkamlamoqda

GOA, 3-dekabr. / “Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Dehlidagi elchisi Sardor Rustamboyev O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida mehmondo‘stlik sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlar doirasida Goa shtati turizm vaziri Rohan Khaunte bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tomonlar turli yo‘nalishlardagi, jumladan, sayyohlik sohasidagi o‘zaro munosabatlarning joriy holati va istiqbollarini muhokama qilib, turizm tarmog‘iga alohida eʼtibor qaratdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston-Hindiston hamkorlik rishtalari izchil rivojlanishni namoyish etmoqda. Turizm o‘zaro aloqalarning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylangan.

Hindistonlik sayohatchilarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi sezilarli darajada oshayotgani qayd etildi. Xususan, 2023 yilda mamlakatimizga 50 mingga yaqin hind fuqarosi sayohat qilgan bo‘lsa, 2024-yilda mazkur raqam 80 mingdan oshdi. Joriy yil yakuniga ko‘ra esa hindistonlik turistlar soni 100 ming nafarga yetishi kutilmoqda.

Jadal oshib borayotgan ushbu talabni taʼminlash uchun aviaparvozlar soni va geografiyasi sezilarli darajada kengaytirilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizning “Uzbekistan Airways” va “Centrum Air” aviakompaniyalari, shuningdek, Hindistonning “IndiGo” yetakchi aviatashuvchisi tomonidan haftasiga 20 ga yaqin o‘zaro reyslar amalga oshirilmoqda. Ular Toshkent, Dehli, Mumbay va Goa shaharlarini bog‘lab turibdi. Yaqin kelajakda Dehli va Namangan shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov ochilishi rejalashtirilgan, bu sayohatchilar uchun transport logistikasini yanada osonlashtiradi.

Rohan Khaunte Goa shtati O‘zbekiston hududlari bilan turizm sohasida hamkorlik qilish uchun katta istiqbollarni ko‘rayotganini taʼkidladi.

Vazir o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro turistik yarmarkasida (TXTYA-2024) samarali ishtirok etgani, uning yakunlari bo‘yicha amaliy kelishuvlarga erishilganini alohida qayd etdi. Ushbu kelishuvlar bugungi kunda hayotga faol tarzda tadbiq etilayotgani maʼlum qilindi.

Rohan Kxaunte shuningdek, Goaning yetakchi turistik kompaniyalari delegatsiyasi TXTYA-2025da ham muvaffaqiyatli ishtirok etganini, bu esa shtatning o‘zaro manfaatli aloqalarni chuqurlashtirish istiqboliga ishonch bilan qarayotganini ifoda etishini taʼkidladi.

Tomonlar qator muhim yo‘nalishlarda qo‘shma saʼy-harakatlarni faollashtirishga kelishib oldi.

Hindistonlik sayyohlarga Goa plyajlaridagi dam olishni O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga safar qilish bilan uyg‘unlashtirish imkonini beruvchi qo‘shma turistik marshrutlarni ishlab chiqish, turoperatorlar, jurnalistlar va blogerlar uchun o‘zaro tanishuv turlarini tashkil etish, turistik obyektlarni boshqarish va kadrlar tayyorlash sohasidagi ilg‘or tajriba bilan almashish shular jumlasidandir.

Soha uchun birgalikda mutaxassislar tayyorlash, tarix, gastronomiya va milliy anʼanalari bilan qiziquvchi sayyohlarni jalb qilish uchun o‘zbek va hind xalqlarining boy madaniy merosini keng targ‘ib qilish, ikki mamlakat korporativ mijozlarini O‘zbekiston va Goada uchrashuvlar, konferensiyalar, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlarni o‘tkazishga jalb qilish masalalari ham diqqat markazida turdi.

Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Tomonlar birgalikdagi saʼy-harakatlar O‘zbekiston va Hindiston, xususan Goa shtati o‘rtasidagi turistik almashinuvni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Saidaliyeva

nargiza@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish