O‘zbekiston va Pokiston savdo-iqtisodiy hamkorlik va xalqaro tashuvlarni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilmoqda
Yanvar 16, 2026. 16:30 • 2 daq
• 174TOSHKENT, 16-yanvar. /“Dunyo” AA/. 14-15-yanvar kunlari investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shoxrux Gulamov O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida amaliy tashrif bilan Pokistonda bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) maʼlumotiga ko‘ra, tashrif doirasida sanoat, investitsiya va logistika sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tashrifning birinchi kuni Pokiston Bosh vazirining sanoat masalalari bo‘yicha maxsus yordamchisi Harun Axtar Xon bilan tor doirada uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Pokiston Sanoat va ishlab chiqarish vazirligi binosida qariyb 10 ta tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish tashkil etildi.
Tashrif davomida charm sanoati bo‘yicha tarmoq uyushmalari rahbarlari, shuningdek, farmatsevtika va sanoat sohasidagi yetakchi kompaniyalar rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Shuningdek, Pokiston Milliy logistika kompaniyasi (NLC) bosh direktori Shog‘ayb Ahmad Xon bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda xalqaro yuk tashuvlarini rivojlantirish, shuningdek, Xunjerob dovoni orqali Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston transport yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrifning ikkinchi kuni delegatsiya Karachi portiga tashrif buyurib, port infratuzilmasidan tranzit yo‘nalishlarini kengaytirish hamda O‘zbekiston mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarishda foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar maslahatlashuvlarni davom ettirish va qo‘shma tashabbuslarni amaliy jihatdan chuqur ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



